Navbahor yangi futbolchilarni istisno bilan ro‘yxatdan o‘tkazadi

Namanganning Navbahor klubi joriy yilning 10-yanvar sanasiga qadar o‘tgan mavsumdan qolib kelayotgan qarzdorlikni bartaraf qila olmadi. Biroq klub Futbolchilar maqomi va o‘tishi qo‘mitasi tomonidan chiqarilgan qarorlar ijrosini to‘liq bajardi. 

Assotsiatsiya hamda Liga klub bilan bog‘liq qarzdorlik masalasi to‘liq o‘rganilguniga qadar transfer taqiqini olmaslikka qaror qildi. Bugun — 21-fevralda klub farm, U19, U21 va ayollar jamoalaridan qolib kelayotgan mavjud qarzdorlik masalasiga to‘la oydinlik kiritdi. Shuningdek, qo‘mitaga murojaat qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan asosiy tarkib a’zolari bilan kelishuv imzolandi. 

Endilikda Navbahor oldiga birinchi galda yoshlar va ayollar jamoasi bilan hisob-kitob qilish vazifasi qo‘yildi. Mazkur qarzdorlik dastlabki ikki uy uchrashuvidan ko‘riladigan foyda hisobidan qoplanishi kafolatlandi. Shuningdek, klub Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatli yurishi natijasida ega chiqadigan daromadni ham ilk navbatda qarzlarni bartaraf etish uchun sarflaydi. Kelajakda Navbahor futzal, ayollar va yoshlar jamoalari bilan ishlash mexanizmini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi shart. Mavjud holat mavsum davomida kuzatilsa va yil yakunida o‘xshash masalalar amalda bo‘lsa, klubga nisbatan yanada qat’iyroq sanksiyalar qo‘llaniladi. 

Liga Navbahor klubining so‘nggi yillardagi muvaffaqiyati, ayniqsa, jamoaning xalqaro maydonda qayd etayotgan natijalarini yuqori baholaydi. Muxlislar bilan ishlash, asosiy tarkibga bo‘lgan talab va yondashuv masalasida Navbahor haqida iliq fikrlar bildirish mumkin. Mazkur holatlarni inobatga olib, Navbahor strukturasini to‘liq professional ko‘rinishga keltirish masalasi qayta ko‘rib chiqilishi shartida Assotsiatsiya klubga yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsat beradi. 

Shuningdek, Assotsiatsiya tomonidan qo‘yilgan talablar ijrosi bajarilganligi bo‘yicha hisobotni 21-fevral kuni taqdim etgan Jizzaxning So‘g‘diyona klubidan ham transfer taqiqi yechildi.

mib
cola
apex
bmb