Coca-Cola homiyligi ostida poytaxt talabalari o‘rtasida Students cup musobaqasi o‘tkaziladi

2022-yilda ilk bor tashkil etilgan mini-futbol musobaqasi talaba yoshlar tomonidan iliq qarshi olinib, har bir uchrashuv o‘ziga xos bayramga aylanib ketgandi. Oradan ikki yil o‘tib Coca-cola mazkur loyihani tiklashga qaror qildi. 

Students cup O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va Workout sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5282-son Qarori hamda 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli Qaroriga asosan havaskorlar futbolini ommaviylashtirish, yoshlarning futbolga qiziqishini oshirish, targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish, ularning futbol bilan shug‘ullanishi uchun shart-sharoit yaratish, oliy ta’lim muassasalari talabalarini mini futbol musobaqasiga jalb qilish maqsadida tashkil etiladi. 

Liga tomonidan ilgari surilgan tashabbus Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi. Biz bu boradagi yordami uchun har ikki tashkilot vazirlari Kongratbay Sharipov va Po‘lat Bobojonovdan minnatdormiz. 

Ayni vaqtda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida III bosqichli Talabalar ligasi musobaqasini o‘tkazib kelmoqda. Students cup Talabalar ligasi kabi davriy musobaqa hisoblanmaydi. U kubok shaklida o‘tkaziladi va bir necha kun ichida g‘olib jamoa aniqlanadi. Liga Coca-cola bilan hamkorlikda boshqa loyihalarni ham amalga oshirayotganidan kelib chiqib, Students cup poytaxt va Toshkent viloyati oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkil etiladi. 

Bugun — 4-aprel sanasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston Professional futbol ligasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari ishtirokida Students cup musobaqasini tashkil etish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Musobaqa bilan bog‘liq tafsilotlar Liga sahifalarida yoritib boriladi. 

Musobaqada ishtirok etishni maqsad qilgan jamoa oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan tasdiqlangan talabnomani Tashkiliy qo‘mitaga (info@pfl.uz) taqdim etishi lozim. Talabnomaning namunaviy shakli hamda musobaqa Nizomi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tegishli oliy ta’lim muassasalariga taqdim etiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb