Ilyos Zeytullayev: Bitta bahsda g‘alaba qozonsak, barchasi joyiga tushadi

Superliga 6-turidan o‘rin olgan Bunyodkor – Surxon (0:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar murabbiyi Ilyos Zeytullayev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘yinni ikki qismga bo‘lish mumkin. 3-daqiqada o‘tkazib yuborilgan gol ruhan ta’sir qildi. Ushbu vaziyatdan butun jamoa bilan birgalikda chiqish lozim. Ikkinchi taymda jamoa hujumkor futbol ko‘rsata olishini namoyish etdi. Bitta bellashuvda g‘alaba qozona olsak, vaziyat iziga tushib ketadi.

G‘alaba qozonsa ham, mag‘lub bo‘lsa ham buni butun jamoa bosh murabbiy bilan birgalikda qabul qiladi. Shu sababli himoyachilar haqida gapirish noto‘g‘ri. Demak, men va murabbiylar shtabi qayerdadir xato qildik. Futbolchilarning ko‘zida ishtiyoq bor. Hozir kamroq gapirib, ko‘proq ishlashimiz kerak.

Ikki hafta davomida yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Bugun Surxon ustidan g‘alaba qozonishimizga ishongan edim. Raqib birinchi bo‘limda ajoyib o‘ynadi. Pozitsiyalarni yaxshi yopdi va qarshi hujumda ham yaxshi harakat qildi. Murabbiylar shtabi bilan bahsni qaytadan ko‘rib, xatolarimizni o‘rganib chiqamiz.

Bunyodkorda doim bosim bo'ladi. Barcha javobgarlikni bo'ynimga olaman. Maydonga hech kim yutqazish uchun chiqmaydi. Futbolchilarda xarakter bor va ishonamanki birgalikda qiyin holatdan chiqib ketamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb