Liga komissarlari 2024-yilgi mavsum rejalarini muhokama qildi

Liga tomonidan o‘tkaziladigan barcha rasmiy musobaqalarda uchrashuvning tashkiliy masalalariga mas’ul komissarlar faoliyat olib boradi. O‘zPFL komissarlar ro‘yxatini yaqin yillardan e’tiboran Liga, assotsiatsiya hamda hududiy assotsiatsiya mutaxassislari orasidan shakllantirib kelmoqda. 

2024-yilgi mavsum oldidan komissarlar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi. Unda uchrashuv tashkilotchiligi, reglament bandlariga kiritilgan o‘zgarishlar va uning talablariga qat’iy rioya qilish, o‘yin oldidan, davomida va o‘yindan keyin yuzaga keladigan turli holatlar, shuningdek, dunyoning yetakchi ligalari komissarlari ish faoliyatida yuzaga kelgan qiziqarli jihatlar muhokama etildi. 

O‘tgan yildan e’tiboran Liga uchrashuv qaydnomalarini to‘ldirish bo‘yicha MyLeague onlayn platformasini ishga tushirgan edi. Yangi mavsum oldidan mazkur platformaga kiritilgan yangiliklar va qo‘shimcha zamonaviy funksiyalar, uchrashuv boshlang‘ich tarkiblarini hamda o‘yin qaydnomalarini to‘ldirishdagi yangiliklardan komissarlar boxabar etildi. 

Seminar yakunida odatdagidek komissar sifatida faoliyat olib borish uchun tavsiya etilgan mutaxassislar reglament va futbol qoidalari asosida tuzilgan test topshirdi. Mazkur test natijasidan kelib chiqqan holda komissarlar mavsum davomida turli toifadagi musobaqalarda faoliyat olib boradi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb