Proliga ishtirokchilari masalasi ko‘rib chiqildi

Assotsiatsiya hamda Liga rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Proliga’ning 2024-yilgi mavsumida ishtirok etuvchi klublar masalasi ko‘rib chiqildi. Bunda jamoalarning 2023-yilgi mavsumdagi ishtiroki to‘liq tahil qilindi. Shuningdek, professional futbol klublarining yanvar oyidan boshlangan OFK litsenziyalash jarayoni uchun holati muhokama qilindi.

Sir emaski, Liga 2022-yilgi mavsum yakunida musobaqalar o‘tkazish reglamentini ikki qismga ajratgandi:

•  Superliga va Proliga reglamenti

•  Birinchi liga reglamenti.

Bugunga kelib nafaqat Superliga, balki Proliga klublari ham OFK litsenziyasiga ega chiqa oladi. Rejaga ko‘ra, Superliga va Proliga o‘rtasidagi farq faqatgina U21 jamoasi faoliyati bilangina farqlanishi lozim. Litsenziyalash talablaridan kelib chiqib, Liga Proliga’ning ayrim jamoalarini so‘nggi ikki mavsumdan buyon musobaqaga shartli ravishda qo‘shib keladi. Biroq mavsum yakunida berilgan imkoniyatdan oqilona foydalana olmagan jamoa Proliga bilan xayrlashadi. Jumladan, 2023-yilgi mavsum oldidan Zomin hamda Yangiyer jamoalari shunday sabab bilan Proliga’dan tushib qolgandi. Joriy mavsumda Turon, Navbahor-farm, Yunired, G‘ijduvon jamoalari litsenziyalash talablarini bajara olmadi. Sport prinsiplariga ko‘ra Birinchilikni peshqadam sifatida yakunlagan Yangiyer esa xuddi avvalgi mavsumda bo‘lgani kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ydi va qatorasiga ikkinchi yil ham Proliga ishtirokchilari safiga qo‘shila olmadi.

Yangiyer quruvchi

Yangiyer quruvchi 2023-yilgi mavsumni Proliga’da o‘tkazishi lozim edi. Biroq litsenziyalash talablarini o‘z vaqtida bajara olmaganidan kelib chiqib, jamoa Birinchi ligaga tushirildi. Liga qo‘ygan talabga ko‘ra, Yangiyer mavsum davomida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarini bartaraf etib borishi hamda Proliga uchun munosib ekanligini isbotlashi kerak edi. Ammo Yangiyer quruvchi faqatgina sport prinsipiga ko‘ra Proliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Biroq litsenziyalash talablarini lozim darajada bajara olmadi.

“Birinchi liga reglamenti”ning 9.2, 9.3, 9.4 va 9.5-bandlari bilan tanishib chiqish orqali Yangiyer jamoasining nima sababdan Proliga’ga qo‘yilmayotganini tushunish mumkin. Yangiyer quruvchi jamoasining Proliga’da ishtirok etishdan birlamchi maqsadi professional futbol klubi maqomiga ega chiqish ekanligi Ligaga ma’lum. Ya’ni, klub ta’sischilari professional futbol klubi uchun berilgan imtiyozdan foydalanishni birlamchi maqsad qilgani holda, futbol infratuzilmasi va faoliyatini belgilangan talablar asosida shakllantirish masalasiga e’tibor qaratmaydi.

Shuningdek, Yangiyer quruvchi sobiq futbolchisi Sekuba Diatta oldidagi qarzdorlik oqibatida FIFA tomonidan qo‘yilgan sanksiya yuzasidan hozirga qadar biror amaliy ish amalga oshirmadi. Bu kabi jamoaning Proliga’da ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

G‘ijduvon

Jamoa 2023-yilgi mavsumni Proliga’da shartli ravishda o‘tkazishi belgilangan edi. Ammo jamoa litsenziyalash talablarini bajarish ustida ishlamadi. Klub Assotsiatsiyaning joriy yil 10-yanvar sanasiga qadar barcha qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan qo‘ygan talabiga bepisand munosabatda bo‘ldi hamda Ligaga hech qanday hujjat taqdim etmadi. Shuningdek:

•  Liga yuridik organi xulosasiga ko‘ra, G‘ijduvon jamoasi ta’sis hujjatlariga o‘zgarish kiritilgan, biroq “Superliga va Proliga reglamenti” talabidan kelib chiqib, Liga bundan xabardor qilinmagan;

•  Liga musobaqalar o‘tkazish bo‘limi xulosasiga ko‘ra, G‘ijduvon MyLeague onlayn platformasi bilan ishlash va talab etilgan hujjatlarni taqdim etish masalasi bilan hozirga qadar shug‘ullanmagan;

•  Liga litsenziyalash bo‘limi xulosasiga ko‘ra, G‘ijduvon jamoasi ma’muriy boshqaruv tizimi talabga mutlaqo javob bermaydi;

•  Liganing stadionlar bilan ishlash mutaxassislari xulosasiga ko‘ra, G‘ijduvon jamoasi moddiy-texnik bazani rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratmagan va jamoaning bu borada bir necha yillik rejasi mavjud emas.

G‘ijduvon bilan bog‘liq e’tiborga molik yana bir masala mavjud bo‘lib, Liga barcha tafsilotlar to‘liq o‘rganib chiqilguniga qadar bu haqda ma’lumot taqdim etmaydi. Yuqorida sanalgan holatlarning o‘zi jamoaning Proligada ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarlicha hisoblanadi.

Yunired

Yunired jamoasi bolalar futboliga e’tibor qaratayotgani, o‘z futbol maktabiga ega ekani, futbol maktabi uchun sun’iy qoplamali maydon barpo qilayotgani, klub ta’sischilari o‘z hamkorlari bilan xususiy xalqaro universitet tashkil qilib, kelajakda o‘z talabalari bilan Liga musobaqalarida ishtirok etishni nazarda tutadigan besh yillik reja asosida faoliyat olib borayotgani sabab shartli ravishda Proliga ishtirokchisiga aylangandi. Biroq klub kutilmaganda moliyaviy qiyinchiliklar sabab o‘z faoliyatini davom ettira olmasligini ma’lum qildi. 

Ma’lumot uchun, futbolga bog‘liq bo‘lmagan holat tufayli Unired Redbridge universitetni tashkil etish masalasi ortga surildi va o‘z-o‘zidan talaba yoshlarni futbolga jalb etish rejasi ishdan chiqdi. Bolalar futboli uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan sun’iy maydon esa Samarqand shahrida ishga tushirildi. Unda klub ta’sischilari egalik qiluvchi xususiy maktab tarbiyalanuvchilari futbol bilan shug‘ullanishda davom etadi.

Turon

Turon klubda yuzaga kelgan moliyaviy qiyinchiliklar sabab Proliga’da ishtirok eta olmasligini, biroq Farg‘ona viloyat hokimligi ko‘magi bilan Birinchi ligada to‘p surishini ma’lum qildi. Ayni vaqtda Turon futbol klubi o‘tgan davr davomida barpo qilgan infratuzilmani saqlab qolish asosiy vazifa hisoblanadi. Viloyat futbol assotsiatsiyasi rahbariyatiga mazkur vazifa topshirilgan.

Navbahor farm

Navbahor farm jamoasi bir yil avval sport prinsiplari asosida Proliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. Biroq klub rahbariyati tomonidan farm jamoa yuzasidan berilgan kafolat bajarilmadi. “Superliga va Proliga reglamenti”ning 14.9-bandidan kelib chiqib, Navbahor farm jamoasi Proliga ishtirokchilari safidan chiqarildi. Ya’ni, Navbahor futbol klubining boshqa tashkilotlar hamda o‘z rasmiylari oldida mavjud bo‘lgan qarzdorligi bunga sabab bo‘ldi. Mazkur qaror yanada tushunarli bo‘lishi uchun mazkur havolaga o‘tish tavsiya etiladi.

Proliga qatnashchilari va musobaqa formati bir necha daqiqadan keyin taqdim etiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb