Klublar o‘z tarbiyalanuvchilarini MyLeague platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazadi

OFK Litsenziyalash talablarini bajarishni yangi bosqichga olib chiqqan Liga MyLeague platformasi bilan ishlash qamrovini kengaytirmoqda. 2023-yilgi mavsumda klublar Liga talab qilgan barcha hujjatni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lib, bu vaqtdan yutish va ishlarni masofadan turib boshqarish imkonini taqdim etgandi. 

Joriy mavsumdan boshlab professional futbol klublari o‘zining U10 — U17 yosh toifadagi tarbiyalanuvchilari va ularga tegishli hujjatlarni MyLeague platformasiga joylashtiradi. Mazkur talab to‘liq bajarilmaguniga qadar futbol klubiga asosiy tarkib futbolchisi uchun litsenziya taqdim etilmaydi. O‘z navbatida bu qaror OFK litsenziyalash talablarini bajarish mexanimizmini ham osonlashtiradi. 

Professional futbol klublariga davlat va davlat ulushi bor korxonalar homiylik yordami ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ayrim klublar bundan oqilona foydalanayotgani yo‘q. Jumladan, aksar klublar faqatgina joriy mavsum bilan yashayotgan bo‘lib, o‘z maktabi, klubning bir necha yillik rivojlanish dasturi kabi masalalarga jiddiy e’tibor qaratmayapti. Suratda Superliga’ning 14 klubidan faqatgina 6 tasi talab darajasidagi futbol maktabi yoki akademiyasiga ega ekanligini ko‘rish mumkin. 

O‘z futbol maktabiga ega emas deb ko‘rsatilgan ayrim futbol klublari uchun shu yilga qadar xizmat ko‘rsatayotgan bolalar-o‘smirlar futbol maktablari mavjud edi. Biroq futbol klublari ular bilan lozim darajada ishlamasligi oqibatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzuridagi futbol maktablari tashkil qilinishi belgilandi. Ya’ni, endilikda O‘FA tasarrufida har bir hududdagi 14 ta futbol akademiyasi hamda 14 ta futbol maktabi mavjud bo‘lishi belgilangan. O‘FA futbol maktablarini aynan bolalar-o‘smirlar futbol maktablari o‘rnida tashkil etadi, shuningdek, yangilariga 2024-yil davomida asos soladi.  

Shundan kelib chiqib, OFK litsenziyasini qo‘lga kiritish uchun professional futbol klublari yo o‘z futbol maktabini tashkil etishi yoki O‘FA tasarrufidagi akademiyalar bilan shartnoma imzolashi lozim. Bu borada Assotsiatsiya hamda Liga o‘rtasida kelishuv mavjud. Biroq yaqin istiqbolda futbol klubi baribir o‘z futbol maktabiga ega bo‘lishi zarur hisoblanadi. 

Ayni vaqtda O‘FA qoshidagi 14 ta futbol akademiyasi ham o‘z tarbiyalanuvchilarini MyLeague platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazmoqda. Shuningdek, o‘z futbol maktabi/akademiyasiga ega futbol klublari ham bu ishni yakunlash arafasida turibdi. Liga talabini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan futbol klublari nomi tez orada ochiqlanadi va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb