Lokomotiv stadioni 2024-yilning ikkinchi yarmidan Superliga o‘yinlarini qabul qila olmaydi

Professional futbol ligasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-dekabrdagi “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5887-sonli Farmoni hamda Osiyo futbol konfederatsiyasining litsenziyalash talablari asosida stadionlar masalasiga jiddiy e’tibor qaratib keldi. To‘rt yillik reja asosida bugunga kelib Andijon, Namangan, Farg‘ona, Yaypan, Olmaliq, Jizzax, Buxoro hamda Toshkent shahridagi 2 ta stadionda maydonning drenaj va sug‘orish tizimi, projektorlar yorug‘lik darajasi xalqaro uchrashuvlarni qabul qila olish darajasiga yetkazildi. Rejaning ikkinchi bosqichida navbat Qo‘qon, Bekobod, Samarqand, Navoiy, Termiz shaharlariga kelgan bo‘lib, ayni vaqtda mazkur shaharlardagi stadionlar Superliga uchrashuvlarini qabul qila olmaydi. Shundan kelib chiqib, Termiz, Samarqand hamda Qo‘qon shaharlaridagi stadionlar maydonida ham ta’mirlash ishlari boshlandi. Mazkur stadionlar 2024-yilning ikkinchi yarmiga qadar tayyor holga kelishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli Qaroriga muvofiq, Superliga stadionlarini qabul qilishi ko‘zda tutilgan stadionlar maydoni uchun aniq mezonlar ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning dekabr oyida Liga mutaxassislari Superliga uchrashuvlari uchun mo‘ljallangan stadionlarni ko‘zdan kechirib chiqdi. 

Jumladan, 2023-yilning 10-dekabr kuni Liga mutaxassislari Lokomotiv stadionida ham bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2012-yilda stadionga POA PRATENCE maysasi yotqizilgan bo‘lib, uning sifati 5 ballik tizimda 2,5’ga, maysa parvarishi darajasi 4 ballga, chidamliligi esa 3,5 ballga loyiq ko‘rilgan. Maysaning butun maydon bo‘ylab qoplanganligi hamda maysa rangining asosiy tusdan farqlanishi bir xilda — 50 foizlik ko‘rsatkich qayd etgan. Yovvoyi, zararlangan maysalar, zararkunanda hashorotlar mavjud. Drenaj tizimi yetarli darajada ishlashdan uzoqlashib bormoqda. 

Endilikda Prezident Farmon hamda Qarorlari ijrosini ta’minlashning uchinchi bosqichini amalga oshirish maqsadida, Lokomotiv stadioni 2024-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Superliga uchrashuvlarini qabul qilish uchun qo‘yilmaydi. Unga qadar Lokomotiv futbol klubi 2024-yilning ikkinchi davrasidan boshlab o‘z uy uchrashuvlarini Toshkent shahridagi talabga javob beradigan futbol maydonlaridan birida o‘tkazib turishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb