Maydon parvarishi uchun texnikasi yo‘q klublar ro‘yxati

Superliga uchrashuvlarini qabul qilishi mumkin bo‘lgan stadionlar o‘rganilgani haqida yozilgandi. 

Liga so‘nggi uch yilda maydonning drenaj va sug‘orish tizimi, shuningdek, maysasiga talablarni kuchaytirib bordi. Soha mutaxassislariga ko‘ra, maydon to‘g‘ri parvarish qilinsa, drenaj tizimi 20 yil davomida, maysa esa 4 marta ko‘proq vaqt davomida futbol uchrashuvlari uchun chidab berishi mumkin. Buning uchun albatta maydon parvarishi uchun zarur texnika talab etiladi. 

Futbol klublari uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionlarni monitoring qilish yo‘riqnomasida maydon parvarishi uchun eng zarur bo‘lgan 7 ta texnika sanab o‘tilgan. Bunday texnika faqatgina Paxtakor va Bunyodkor stadionlarida to‘liq mavjud. Istiqlol, Qarshi Markaziy, OKMK, Lokomotiv, Yoshlar SM stadionlarida talab qilingan texnikaning 5 turi mavjud. 

Biroq Bobur arena, Jar, Buxoro SM, Dinamo, Metallurg, Surxon kabi stadionlar hozirga qadar maydon parvarishi uchun texnika sotib olmagan. Mazkur holat maydonlarni yaxshi holatda saqlab turishga to‘sqinlik qiladi. Bobur arena hamda Jar maydonlarini yangilagan korxona 2023-yilgi mavsum yakunigacha xizmat ko‘rsatishni to‘liq zimmasiga olgandi. Biroq 2024-yilda holat qanday bo‘lishi ma’lum emas. Buxoro SM hamda Metallurg stadionlariga texnika xarid qilish masalasida Liga har ikki klub rahbariyati bilan bir necha bor fikr almashgan. Biroq tomonlar o‘z va’dasida turmadi. Oqibatda, Metallurg stadioni Superliga uchrashuvlarini qabul qilishdan chetlashtirildi. Buxoro SM maydoni esa afsuski, O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi o‘tgan holatdan ancha yomonlashgan. 

Sanab o‘tilgan stadionlardan Surxon'da qurilish ishlari davom etmoqda. Klub rahbariyati uning yakuniga ko‘ra maydon parvarishi uchun texnika xarid qilishga va’da bergan. Dinamo stadioni maydonini esa yangilash ishlari boshlangan. Ishonamizki, uning yakuniga ko‘ra maydon parvarishi uchun zarur texnika xarid qilinadi. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 07-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli qarorining 15-bandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasi qirq birinchi qismiga asosan maydon uchun zarur texnikani sotib olish yuzasidan qator imtiyozlar taqdim etilgan. Biroq ayrim futbol klublarida legioner futbolchi uchun topilayotgan mablag‘, eng kerakli vositalarni xarid qilish uchun yetmayapti. Liga va Assotsiatsiya mavjud vaziyatni tartibga solish ustida ishlamoqda.

mib
uzcard
cola
apex
bmb