“Yangiyer” Birinchi liga g‘olibiga aylandi

Bir necha daqiqa avval “Yangiyo‘l” Birinchi liga bilan xayrlashgani haqida yozgandik. “Birinchi liga reglamenti” asosida turnir jadvali qayta shakllantirilgach, “Yangiyer” musobaqa yakuniga 1 ta tur qolganida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani oydinlashdi. 

Nazariy jihatdan “Jizzax”da “Yangiyer”ga etib olish imkoniyati mavjud. Jizzaxliklar so‘nggi turni o‘z maydonida “Lokomotiv-BFK”ga qarshi o‘tkazadi. Yangiyerda esa “Bunyodkor-farm” mehmon bo‘ladi. Biroq unutmaslik kerakki, yetakchilarning o‘zaro o‘yinida “Yangiyer” “Jizzax” ustidan 4:1 hisobida zafar quchgan. 

Reglamentga ko‘ra, Birinchi liga yakuniga yetganidan keyin mazkur musobaqa ishtirokchilari o‘rtasida Birinchilik kubogi bo‘lib o‘tadi. “Yangiyer” Pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun Birinchilik kubogi g‘olibiga qarshi maydonga tushishi kerak bo‘ladi. 

Ma’lumot uchun, Birinchi liganing joriy mavsumi 17 ta jamoa start olgan bo‘lib, hozirga qadar ularning 2 tasi musobaqa bilan xayrlashib ulgurdi (“Nurafshon” va “Yangiyo‘l”). Yana uch jamoa Liga bilan tuzilgan shartnoma shartlarini to‘liq bajarib ulgurmagan. Holat shu tariqa davom etsa, mazkur jamoalar Birinchilik kubogiga qo‘yilmaydi. Musobaqa bilan bog‘liq barcha yangi tafsilotlar tez orada ma’lum qilinadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb