“Paxtakor” stadioni tribunalarining ma’lum qismi ta’mirtalab holatda ekanligi sabab yopildi

“Paxtakor” stadioni tribunalari o‘tgan yili bo‘lib o‘tgan U23 Osiyo kubogida ta’mirga muhtoj ekanligi ma’lum bo‘lgandi. Buning oqibatida O‘zbekiston U23 termasining Iroqqa qarshi o‘yini vaqtida ko‘ngilsiz holat ro‘y bergan bo‘lib, keyinchalik OFK termamizning Yaponiya U23 termasiga qarshi o‘yiniga futbol muxlislarini kiritmadi, qo‘shimchasiga O‘FA katta miqdorda jarimaga tortildi. 

Mazkur voqeadan keyin “Paxtakor” stadioni tribunalari tosh va beton bo‘laklaridan tozalandi. Sektorlar orqaliqlarida kichik ta’mirlash ishlari olib borildi. Ammo holat ijobiy tomonga o‘zgarmaganligini Coca-Cola Superliga 3-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” — “Navbahor” uchrashuvi ko‘rsatib berdi. Namanganlik futbol muxlislari joy olgan sektorlar maydonga qarab tosh hamda beton bo‘laklari uloqtirildi. 

Mazkur holatlarni inobatga olib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ishchi guruh tuzdi. Mazkur Ishchi guruhdan Liga mutaxassislaridan tashqari O‘FA inspeksiya a’zolari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent shahar bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi, Toshkent shahar favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari, shuningdek, “Paxtakor” futbol klubi hamda stadioni rahbariyati joy oldi. Ishchi guruh “Paxtakor” stadionidagi barcha — 44 ta sektordagi holatni o‘rganib chiqdi. 

Ayni vaqtda “Paxtakor” stadioni tribunalari to‘liq ta’mirga muhtoj hisoblanadi. Mazkur tribunalarni shunchaki kosmetik ta’mirdan chiqarish holatni ijobiy tarafga o‘zgartirmaydi. Har qanday sovuq ob-havo, yog‘ingarchilik yoki muxlislar o‘rtasidagi tartibsizlik beton qoplamaning oson uvalanishiga olib keladi. Bu esa stadionga qattiq jismlarning uloqtirilishi xavfini oshiradi. Bu esa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, futbolchilar, rasmiylar, to‘p uzatib turuvchi bolalarga jiddiy tan jarohati yetkazilishi ehtimolini oshiradi. 

Shundan kelib chiqib, Ishchi guruh “Paxtakor” stadioni tribunalari to‘liq ta’mirlanguniga qadar futbol uchrashuvlari vaqtida fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, uchrashuvlarni bevosita stadiondan kuzatishni maqsad qilgan futbol muxlislariga sharoit yaratish maqsadida 10, 11, 12, 13, 14, 15, 18, 19, 20, 21, 22, 23-sektorlarni qisman (maydon perimetridan boshlab 1 qatordan 23-qatorgacha bo‘lgan ko‘k hamda sariq tusdagi o‘rindiqlar) yopishni, bunda 1-23 qatorlarga tomoshabinlar o‘tib ketmasligining oldini olish maqsadida mazkur qatorlar alohida chegaralanishini ta’minlash, shuningdek, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 16, 17, 24, 25, 26, 27, 28, 29, 30, 37, 38, 39, 40, 41, 42, 43, 44-sektorlarni to‘liq yopishni maqsadga muvofiq deb topdi.  

31, 32, 33, 34, 35, 36-sektorlar kichik ta’mirlash ishlarini olib borish, har bir rasmiy uchrashuv oldidan to‘liq tozalash hamda nazoratni kuchaytirish sharti bilan muxlislarga xizmat qilishda davom etishi masalasi kelishildi. O‘z navbatida “Paxtakor” futbol klubi hamda stadioni rahbariyati xizmat ko‘rsatishi to‘xtatilgan sektorlar hamda o‘rindiqlar uchun chiptalar savdosini cheklashi, taqiqlangan nuqtalarda muxlislar harakatini cheklash uchun sun’iy to‘siqlar o‘rnatish majburiyatini oldi.

mib
cola
apex
bmb