O‘zPFL vakili OFKning litsenziyalash bo‘yicha seminarida ishtirok etdi

22-23-sentyabr kunlari Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda Osiyo futbol konfederatsiyasining Litsenziyalash bo‘yicha seminari o‘tkazildi. Unda O‘zPFL Klublarni litsenziyalash va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Zoxirjon Akramxonov ishtirok etdi.

OFK tomonidan yangi tasdiqlangan Litsenziyalash reglamentidagi o‘zgarishlar, qit’a futbol konfederatsiyasining endilikda kuz-bahor tizimiga o‘tayotgani va ushbu mavsum almashishining litsenziyalashga ta’siri, litsenziyalash talablarini kuchaytirgan holda ayollar va futzal musobaqalarini yanada takomillashtirish borasidagi yangiliklar seminar ishtirokchilariga tanishtirildi.

OFKning barcha a’zo mamlakatlari litsenziyalash menejerlari qatnashgan seminarda ortda qolgan yilgi professional futbol klublarni litsenziyalash sarhisobi amalga oshirildi. Yodingizda bo‘lsa, 2021-yilgi litsenziyalash yakunlariga ko‘ra, 12 ta o‘zbek klubi OFK litsenziyasiga ega chiqqan edi. Litsenziya olgan klublar soni bo‘yicha O‘zbekiston Yaponiya va Janubiy Koreyadan so‘ng BAA bilan 3-pog‘onani bo‘lishib olgandi. Qolaversa, o‘tgan yili qit’ada dastlabki 4 ta mamlakat qatorida O‘zbekistonda ayollar jamoalarini ham litsenziyalash jarayonidan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi va Osiyodagi ilk ayollar jamoalari qatorida Jizzaxning “So‘g‘diyona-W” hamda Toshkentning “Bunyodkor-W” jamoalari OFK litsenziyasini qo‘lga kiritishdi. Seminarda 2021-yilgi yutuq va kamchiliklar muhokama qilinib, endilikda yangi mavsumdan e’tiboran ixtiyoriy ravishda futzal klublari ham litsenziyalashga jalb etilishi ma’lum qilindi.

Ikki kun davom etgan seminarda ayni paytda OFKda faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik 3 nafar mutaxassislar Avazbek Beridiqulov, Sanjar Rizaev va Ahmed Tillaev ham hozir bo‘lishdi. Avazbek Beridiqulov seminarning birinchi kunida OFK tashkil etadigan musobaqalar xususida taqdimot o‘tkazdi. Sanjar Rizaev esa qit’a futbol konfederatsiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan rivojlanish dasturlari haqida seminar qatnashchilariga ma’lumot berdi.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb