“Bam Xatun” – “So‘g‘diyona-W” uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi

Bilasiz, ertaga ayollar klublari o‘rtasidagi Osiyo chempionati G‘arb mintaqasi o‘yinlari start oladi. Unda yurtimiz sharafini himoya qiladigan “So‘g‘diyona-W” Eronning “Bam Xatun”ga qarshi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Bugun Qarshidagi “Markaziy” stadion anjumanlar zalida har ikki jamoa bosh murabbiylari va etakchi futbolchilari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. 

8 karra Eron chempioni “Bam Xatun” klubi bosh murabbiyi Marzieh Jafaribaravati quyidagicha fikr bildirdi: 

- Ushbu musobaqaga juda yaxshi hozirlik olib bordik. Bu kabi turnirlar ayollar futboli rivojiga jiddiy turtki beradi. Ayollar jamoalari o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etayotganimizdan chindan baxtiyorman, - dedi Jafaribaravati. 

Shuningdek, “Bam Xatun” jamoasi a’zosi Atefe Ramizanizade quyidagicha fikrlar bildirdi: 

- Biz musobaqa oldidan yaxshi yig‘in tashkil qildik. “BIIK Chimkent” va “To‘maris Turon” kabi qozoq jamoalari bilan bahs yuritdik. Endi oldindagi ikkita o‘yinda ijobiy natija qayd etmoqchimiz, - dedi Ramizanizade. 

“So‘g‘diyona-W” bosh murabbiyi Sherali Boboqulov ham matbuot anjumanida quyidagicha fikr bildirdi: 

- Jamoamiz uchun tarixiy turnir hisoblanadi. Bosqichma-bosqich amalga oshirgan mehnatlarimiz sabab shu darajaga keldik. Ertaga bor kuchimizni ishga solib chiroyli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz, - dedi “So‘g‘diyona-W” ustozi. 

Jizzaxliklar a’zosi Xolida Dadaboeva ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: 

- Bunday musobaqalar biz uchun orzu bo‘lib kelgan. Nafaqat jamoamiz, balki O‘zbekiston sharafini himoya qilish biz uchun sharaf, - deya ta’kidladi Dadaboeva. 

Ta’kidlab o‘tamiz, “Bam Xatun” – “So‘g‘diyona-W” uchrashuvi ertaga Qarshidagi “Markaziy” stadionda bo‘lib o‘tadi va soat 17:00da start oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb