U-21 jamoalari maydonlarining holati bo‘yicha O‘zPFL munosabati

Superliga jamoalari o‘z uy uchrashuvlarini qaysi maydonlarda o‘tkazishi masalasiga musobaqaga qur’a tashlanayotgan vaqtda aniqlik kiritib o‘tilgandi.

“2022-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”ning 19.1-bandida U-21 chempionati uchrashuvlari asosiy tarkiblar ishtirokidagi uchrashuvdan bir kun keyin o‘tkazilishi hamda maydoni talab darajasida bo‘lmagan U-21 jamoalari o‘z uchrashuvini asosiy stadionda o‘tkazishi belgilab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsa-da, mazkur masalaga jiddiy e’tibor qaratmayotgan futbol klublari mavjud. O‘zbekiston Professional futbol ligasi quyidagi sabablar tufayli ayrim futbol klublarini ogohlantirdi.

“Paxtakor U-21” jamoasi o‘zining uy uchrashuvlarini Qibraydagi sport bazasida o‘tkazib keladi. Bu erda maydon chimi holati qoniqarli bo‘lsa-da, futbolchilarning kiyim almashtirish xonalari, ulardagi yuvinish sharoitlari talabga javob bermaydi. Shundan kelib chiqib, “Paxtakor” klubiga 5-mart sanasiga qadar vaqt berildi. Unga qadar yuqoridagi kamchilik bartaraf etilmasa, klubning U-21 jamoasi 2-turdan joy olgan uchrashuvni asosiy stadionda o‘tkazadi.

“Bunyodkor”da vaziyat biroz boshqacharoq. Klubning asosiy stadioni maysasi mavsumga tayyor bo‘lmasligi katta ehtimol. Shunday bo‘lsa-da, ilk tur qaerda o‘tkazilishi masalasiga hozirgacha oydinlik kiritilmagan. Klub oldida kamida ikki yo‘l mavjud: yo asosiy stadion bilan kelishish yoki “Lokomotiv” stadionidan foydalanish. Ilk turga qadar “Bunyodkor” bu masalani hal qila olmasa, jamoaga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Shuningdek, klub ikki yildan buyon U-21 jamoasi maydoni bo‘yicha ogohlantiriladi. Akademiyaga qarashli maydonda futbol muxlislari, uchrashuv inspektori uchun sharoit mavjud emas. Bir necha yildirki, U-21 jamoasi ishtirokidagi o‘yinlarini ko‘rish uchun tashrif buyurgan muxlislar ajriq ustida futbol tomosha qilishga majbur. Agar ilk turga qadar ko‘chma tribuna masalasi hal etilmasa, “Bunyodkor U-21” ham boshqa arenadan foydalanishiga yoki texnik mag‘lubiyat qabul qilib olishiga to‘g‘ri keladi.

“Navbahor” U-21 jamoasi o‘ynaydigan Markaziy stadionning zaxira maydonida esa hisobni ko‘rsatuvchi tablo o‘rnatish, texnik hudud ustini yopish ishlari mavsum startiga qadar qilinishi lozim.

AGMK, “Surxon”, “So‘g‘diyona”, “Metallurg”, “Qizilqum”, “Dinamo” kabi klublarning U-21 jamoalari Reglament asosida asosiy tarkib o‘z o‘yinlarini o‘tkazuvchi maydonlardan foydalanadi. Mazkur jamoalar ikkinchi maydon chimini yaxshilash bo‘yicha amaliy harakatlar boshlagan. Ular orasidan faqatgina “Metallurg” ilk turga qadar vaziyatni o‘nglashga ulgurishi mumkin. Yo‘qsa, yuqorida qayd etilgani kabi bu erda ham U-21 uchun asosiy maydon taqdim etiladi. Ishonamizki, AGMK, “Surxon”, “Qizilqum” rahbariyati qo‘l urayotgan katta hajmdagi ish (yangi maydonlar, akademiya, baza va hokazo) 2023-yilgi mavsumga qadar taxt holatga keladi.

“Lokomotiv”, “Nasaf”, “Olimpik” klublarining U-21 jamoalari to‘p suruvchi maydonlarga nisbatan hozircha jiddiy e’tiroz mavjud emas.

Farg‘ona viloyati sharafini Superligada himoya qiluvchi ikki klubda vaziyat boshqacharoq. “Neftchi” va “Qo‘qon-1912” klublari o‘z uy uchrashuvlarini “O‘zbekiston” stadionida o‘tkazadi. Shuningdek, mazkur maydondan haqiqiy mezbon “Turon” futbolchilari ham foydalanadi. Ayni vaqtda “Istiqlol” stadionida ta’mirlash ishlari davom etayotganidan kelib chiqib, “Neftchi” U-21 jamoasiga Qirgulidagi o‘yingohdan foydalanishga ruxsat etiladi. “Qo‘qon-1912” klubining 21 yoshgacha bo‘lgan jamoasi esa avvalgidek BO‘SM maydonidan foydalanmaydi. Jamoa yo klubning asosiy maydonida o‘ynashi yoki talabga javob beradigan boshqa maydon topishiga to‘g‘ri keladi. Mazkur vaziyatda “Turon” klubi katta mehnat evaziga ta’mirdan chiqargan stadion maysasi haqida ham o‘ylash lozim. Yuqoridagi ikki mehmon klubning U-21 jamoalari ham “O‘zbekiston” stadionida harakat qilsa, “Turon” rahbariyatining stadion masalasidagi katta mehnati yo‘qqa chiqishi mumkin.

Biz klublar rahbariyatidan mavjud muammoga jiddiy e’tibor qaratishni so‘rab qolamiz. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb