Aziz Ibragimov: “Buxoro” bejizga dastlabki oltilikdan o`rin egallamaganini ishonchli o`yinlar orqali isbotlaydi

Avvalgi yillardan ancha o`zgacha tarzda o`tkazilayotgan PEPSI Superliga bahslarida birinchi bosqich yakunlandi.

Jamoalar endi 6 tadan 2 ta guruhga ajratiladi. Dastlabki guruh chempionat medallari uchun kurash olib borsa, ikkinchi oltitalik Superligada jon saqlab qolish uchun bahs yuritadi. Jamoalar endi o`z guruhi doirasida uy-safar tizimida jami 10 ta uchrashuv o`tkazishadi. 

Dastlabki bosqich yakunlariga ko`ra, “Buxoro” jamoasi kuchli oltilikdan o`rin egalladi va endi Superliga ikkinchi bosqichida yuqori o`rinlar uchun bahslarga kirishadi. Buxoroliklar etakchilaridan biri Aziz Ibragimov PFL rasmiy saytiga birinchi bosqich yakunlari va chempionatning hal qiluvchi bosqichidan nimalar kutayotgani haqida so`zlab berdi.

- Joriy mavsum oldingilaridan ancha o`zgacha o`tyapti. Chempionatimizda jamoalar o`rtasidagi kurash va raqobat ancha ortdi, saviya esa ancha tenglashdi. Zero har bir uchrashuvda g`alaba qozonish uchun ancha ter to`kishga to`g`ri kelyapti. Shu sababdan Superliga ancha qizg`in davom etayotganini ta`kidlay olaman. 

Bunda o`yin atrofidagi tashkilotchilik, muxlislarni stadionlarga jalb etish uchun qilinayotgan turli xil aktsiyalarni ham salmoqli o`rni bor. O`yin oldi tadbirlar va qiziqarli aktsiyalarni muntazam ravishda o`tkazib borish kerak, deb o`ylayman. Shunda yanada ko`proq ishqiboz stadionga keladi. Stadionga kelish imkoni bo`lmaganlar esa o`yinlarni TV orqali tomosha qilish imkoniyatiga ega bo`lishyapti.  Bu ham oldinga qo`yilgan qadam.

Mavsum avvalidanoq bizning jamoa kuchli oltilikka kirib, yakunda medallar uchun kurashishni maqsad qilgan edi. Biz oldimizga qo`yilgan vazifani bajara oldik. Lekin shuni alohida ta`kidlashim kerakki, dastlabki oltilikdan joy olish oson bo`lgani yo`q.

Endi oldinda hal qiluvchi bosqich turibdi. Superliganing ikkinchi bosqichida ham “Buxoro” jamoasi mazmunli o`yin ko`rsatishga urinadi. Biz bejizga dastlabki oltitalikdan o`rin egallamaganimizni ishonchli o`yinlarimiz bilan isbotlaymiz va muxlislarimizga chiroyli g`alabalar tortiq etishga harakat qilamiz, - dedi mahoratli futbolchi.  

"Buxoro" matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb