"Andijon" PFK qarzdorligi mavjud sobiq futbolchilari bilan 17 iyulgacha hisob-kitob qilishi shart

18 iyun sanasidan e`tiboran O`zbekiston chempionatida rasman transferlar oynasi ochildi. Jamoalar o`z safini yangi o`yinchilar bilan to`ldirishni boshlab yuborishdi. 

Professional futbol ligasi jamoalarga yangi o`yinchilarini ro`yxatdan o`tkazishga ruxsat berishdan avval klublarning sobiq futbolchi yoki murabbiylari oldida qarzdorligi mavjudligini o`rganib chiqmoqda. Agar klub mavsumning ilk qismidan so`ng xayrlashgan futbolchilari yoki murabbiyi bilan to`liq hisob-kitobni amalga oshirgan bo`lsa, hech qanday muammosiz yangi o`yinchilarni ro`yxatdan o`tkazishi mumkin. 

Biroq Pro-Liga ishtirokchilaridan biri sanaladigan "Andijon" PFK ilgari jamoada faoliyat olib borgan bir necha nafar futbolchidan moliyaviy qarzdor ekani ma`lum bo`ldi. Shu boisdan PFL ushbu klubning yangi o`yinchilarni ro`yxatdan o`tkazishi va ularning litsenziyasini olishiga ruxsat bermayotgan edi. 

"Andijon" PFK bosh direktori – Ma`ruf Abdisalomov PFLga qarzdorlik mavjud bo`lgan futbolchilar bilan 17 iyul sanasiga qadar to`liq hisob-kitob qilinishi xususidagi kafolat xatini taqdim etdi. Qolaversa, klub sobiq futbolchilari Rasul Rahmonov, Akbar Hodjaev hamda Abdulatif Abduqodirovga mavjud qarzning bir qismini to`langani borasidagi hujjatlarni ilova qildi. O`z navbatida yuqoridagi futbolchilar "Andijon" PFK haqiqatdan ham qarz to`lovini amalga oshirishni boshlaganini tasdiqlashdi. 

Mazkur holatlar inobatga olinib, Professional futbol ligasi "Andijon" PFKga yangi o`yinchilarni mavsumning ikkinchi qismi uchun ro`yxatdan o`tkazishga ruxsat berdi. Faqat "Andijon" qarzdorlik mavjud bo`lgan barcha sobiq futbolchilari bilan 17 iyulga qadar to`liq hisob-kitob qilishi lozim bo`ladi. 

Bu borada "Andijon" PFK bosh direktori Ma`ruf Abdisalomov quyidagicha fikr bildirib o`tdi. 

"PFL klublarga yangi o`yinchilarni ro`yxatdan o`tkazishdan avval ularning qarzdorligi mavjud yoki yo`qligini tekshirib ko`rmoqda. Bu tashabbusni qo`llab-quvvatlayman. "Andijon" jamoasida ham turli yillarda boshqa-boshqa rahbariyat faoliyat olib borgani sababli ba`zi futbolchilar oldidagi qarzdorlik hozirgacha to`planib qolgani bor gap. Ana endi barcha sobiq o`yinchilarimiz bilan hisob-kitobni amalga oshiryapmiz. Hozirda dastlabki to`lovlar qilindi. 17 iyulga qadar barcha qarzlarimizni to`lashga va`da beramiz. Shu o`rinda, kafolat xatimizga ijobiy munosabat bildirib, yangi o`yinchilarni safimizga qo`shib olishimizga ruxsat bergani uchun O`FA hamda PFL rahbariyatiga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Ularning bildirgan ishonchini oqlab, barcha qarzlarimizdan to`la qutilishiga harakat qilamiz", - dedi Ma`ruf Abdisalomov. 

Ta`kidlash joizki, 2015 yili "Andijon" futbol klubida faoliyat olib borgan serbiyalik futbolchi Predrag Vuyovich FIFAga jamoada qolib ketgan oylik maoshlari bo`yicha arz qilgan. Ushbu masala bo`yicha PFL FIFAning Futbolchilarning jamoadan-jamoaga o`tishi va ularning maqomini belgilash qo`mitasi bilan doimiy aloqada bo`lib turibdi va vaziyatning ijobiy hal bo`lishiga harakat qilmoqda. Mazkur holat bo`yicha javobgarlik hamon "Andijon" PFK zimmasida turibdi va klub ushbu holatni to`liq ijobiy hal etishi shart.  

P.S.: Bu kabi ishlardan Superliga hamda Pro-Liga klublari ham xabardor bo`lsinki, endilikda ko`chaga haydalgan murabbiylar va futbolchilar oldidagi qarzdorlik uzilmaguniga qadar, PFL ishni yopmaydi. Maqsad shuki – murabbiylar ham, rahbarlar ham selektsiya ishlarini olib borsin, aql bilan ish yuritsin va turli g`irromliklardan chetda bo`lsin.  

mib
uzcard
cola
apex
bmb