“Nasaf” PFK bolalar uchun bayram tashkil etdi

Bugun “Nasaf” PFKda bolalar uchun katta bayram tashkil etildi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan klubda bolalar uchun futbol bayrami tashkil etildi. 

Ushbu bayramda nafaqat Qarshi shahridan, balki viloyatning turli tumanlaridan, hattoki qo`shni viloyatlardan ham mehmonlar – bolalar futbol jamoalari tashrif buyurishdi. Klub matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, bayramda 80dan oshiq turli yoshdagi bolalar futbol jamoalari ishtirok etishdi. Bayram ishtirokchilarining soni ming nafardan oshiq bo`ldi.

“Nasaf” futbol maktabida bayramni tantanali ochilish marosimi ham tashkil etildi. Marosimda “Nasaf” PFK bosh menedjeri S.P.Kucherenko, bosh murabbiy Ro`ziqul Berdiev, klub ma`sul xodimlari, murabbiylar va futbolchilar ham hozir bo`lishdi.

Ochilish marosimida Ro`ziqul Berdiev so`zga chiqib, bayram ishtirokchilarini qizg`in tabrikladi va kelgusida ularga futbol bilan yaqindan oshno bo`lishni tiladi.

Shundan so`ng bayram ishtirokchilari murabbiylar va fubolchilar bilan esdalik uchun rasmlarga tushishdi. Bolajonlar uchun ayniqsa himoyachi, Serbiyalik futbolchimiz Slavko Lukich bilan so`hbatlashish va birga rasmga tushish juda qiziqarli bo`ldi. Bolajonlar uchun “Markaziy” stadionimizga sayyohatlar ham uyushtirildi. 

Shuningdek Qarshi shahar yoshlar ittifoqi kengashining tashabbusi bilan ko`pchilik yoshlarimizning faol etakchilari ham stadionimizni tomosha qilishib, yaqindan tanishishdi.  

Bayramni tashkil etishdan ko`zlangan maqsadga erishildi. Buni  bayramda ishtirok etgan bolalarning quvonchidan ham bilish mumkin edi. 

Bayram tadbirlari ertalab 8:00dan boshlanib, kechgacha davom etdi. Bayram so`nggida futbol uchrashuvlari g`oliblarini taqdirlash marosimi ham tashkil etildi. G`oliblarga klubimiz rahbariyati tomonidan kubok, diplomlar va esdalik sovg`alari topshirildi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb