“Metallurg” futbol klubida faxriylar bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

 

 

“Metallurg” futbol klubi bugungi darajasigacha etishi yo`lida faxriy futbolchilarning hissasi katta bo`lgan. Turli yillarda shahrimiz jamoasi sharafini nafaqat mamlakatimiz miqyosida, balki xalqaro miqyosda ham taniqli bo`lgan insonlar himoya etishgan. Jumladan, ayni paytda klubda mas`ul lavozimlarda faoliyat yuritib kelayotgan Abduqahhor Ma`rifaliev, Fevzi Davletovlar O`zbekiston milliy terma jamoasi safida 1994 yili Xirosima maydonlarida o`tkazilgan XII Osiyo o`yinlarining chempionlari bo`lishgan. Bu yutuq milliy terma jamoamiz uchun hozircha qit`a miqyosidagi eng katta yutuq bo`lib turibdi.

 

 

Klub ishlarini tashkil etish rejasiga binoan yaqinda “Metallurg” futbol klubida o`sha tarixiy g`alabaning 24 yilligi munosabati bilan ma`naviyat soati – uchrashuv o`tkazildi. Uchrashuvga shuningdek, Bekobod futboli taraqqiyotiga munosib ulush qo`shgan faxriylar -  Vitaliy Tsxay hamda Xursand Rejapovlar taklif etildi. O`z vaqtida sobiq Ittifoq davrida Bekobod shahri jamoasi sharafini munosib himoya etgan futbol faxriylari Bekobod shahrida futbolni tiklanish jarayoni qanday kechganligi haqida bugungi avlod vakillariga xotiralaridan so`zlab berishdi. O`z navbatida Xirosima maydonlarida yurtimiz sharafini munosib himoya etgan Davletov, Ma`rifaliev singari insonlarning klub boshqaruvida faoliyat yuritayotganligi yoshlarga o`rnak bo`lishi lozimligini, ulardan tinimsiz o`rganish, mahoratlarini o`zlashtirishlari haqida so`z yuritdilar.

 

 

Fevzi Davletov hamda Abduqahhor Ma`rifalievlar esa Xirosima maydonlaridagi tarixiy yutuq yo`lidagi qiyinchiliklar, terma jamoaning qanday yig`ilgani-yu, har bitta uchrashuvga ko`rilgan tayyorgarlik, raqiblarni o`rganish, shunga yarasha tanlangan taktikalar haqida gapirib berishdi. O`sha paytdagi o`yinchilarga yaratilgan sharoit va bugungi avlod vakillaridagi imkoniyatlarni qiyosan taqqoslashdi. Bugungi yoshlarimiz yaratilayotgan imkoniyatlarning qadriga etish kerakligini, o`z ustlarida tinimsiz ishlashlari lozimligini va terma jamoa murabbiylari e`tiboriga tushib, xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya etishlari lozimligini ta`kidlashdi.

 

 

Uchrashuv davomida “Metallurg” futbol klubidan O`zbekiston terma jamoasiga taklif etilayotgan futbolchilardan Zabixillo O`rinboev, Abbos Otaxonov, Suhrob Nurulloevlar ustozlarga ajoyib xotiralar uchun minnatdorchilik bildirishdi. Bunday tadbirlar tez tez o`tkazib turilsa, futbolchilarga koni foyda bo`lishi ta`kidlandi. “Metallurg” futbol klubida tez orada o`zbek futboli osmonida yorqin porlagan yulduzlar bilan yana uchrashuvlar tashkil etilishiga kelishib olindi.

 

 

Komiljon Jumaev

mib
uzcard
cola
apex
bmb