Ro‘ziqul Berdiyev: Abduholiqovning muammosi ruhiyat bilan bog‘liq

Superliga 3-turidan o‘rin olgan Nasaf hamda Qizilqum jamoalari o‘rtasidagi o‘yindan (2:1) so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

O‘yin og‘ir o‘tishiga o‘zimiz sababchimiz. Birinchi bo‘lim to‘liq nazoratimiz ostida o‘tdi, ammo 60-daqiqadan so‘ng tizgin mehmonlarga o‘tdi. Ba’zi vaziyatlarda so‘nggi uzatma, ayrimlarida so‘nggi zarbani berishda kechikdik. Agar, ushbu holatlardan foydalanganimizda, yaxshi bo‘lardi.

Da Silvani maydondan olish orqali maydonga yangi kuchlarni tashlashni maqsad qilgan edik. Ular qarshi hujumlardan yaxshi foydalanishini kutgan edik. U ko‘p vaziyatlar yaratdi, Marushichda ham, Viktorda ham o‘ta qulay imkoniyat bo‘ldi.

Abduxoliqovning muammosi ruhiyat bilan bog‘liq. Undan talab qilinayotgan narsa bajarilmayapti va bosim bilan harakat qilyapti. Buni yengib o‘tish uchun bitta to‘p kiritib olish lozim. Boburda yetarlicha qobiliyat bor va umid qilamanki, tez fursatda ushbu holatdan chiqib keta oladi.

Andijonga qarshi bahs to‘la stadion va ajoyib atmosferada o‘tishini tasavvur qilyapman. Burgutlar ikki yildan buyon deyarli bir xil tarkibda harakat qilishmoqda va o‘yinlari ham yaxshi shakllangan. Uchrashuvga qiziqish yuqori bo‘lishi aniq.

So‘nggi bahslarda biz raqibga ham ochilib o‘ynash imkoniyatini bermoqdamiz. Boisi, tarkibimizda tezkor futbolchilar mavjud va qarshi hujumlardan unumli foydalanish mumkin. Ko‘p yillar davomida biz hujum qilib, raqib jamoa himoyalanganda yorib o‘tish qiyin bo‘lardi. Shuning uchun, ba’zi narsalarni o‘zgartirdik.

2:0 hisobi futboldagi eng yomon hisob. Bu futbolchilarning ruhiyatiga ta’sir qiladi. To‘p o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng himoyada biroz sarosima boshlandi. Ayni shu sababli, hisobni saqlab qolishga intildik. Qarshi hujumda aniqroq harakat qilganimizda, rejamiz to‘liq amalga oshgan bo‘lardi. O‘yin esdan chiqadi, ammo natija qoladi.

Jo‘rabekov hamda Shulayaning qanotdagi o‘yinlaridan xabarimiz bor edi. Ular bellashuv so‘nggiga qadar faol bo‘lishdi. Bunga Muhiddinov hamda Bozorovning charchab qolgani sabab bo‘ldi. Oybek bir oydan buyon ilk bor maydonga tushdi va jismoniy jihatdan to‘liq tayyor emasligin bilar edik. Rahmatov kutilmaganda o‘zini zaxiraga olishni so‘rashi sababli Nasrullayevni maydonga tushirdik. Shu sababli himoyada chap qanotda qiynaldik.

Kenjaboyev so‘nggi muolajalarni olib bo‘ldi va ertadan umumiy guruhga qo‘shiladi. Umid qilamanki, Andijon bilan bellashuvga qadar safga qaytadi.

Nasrullayev esa deyarli uch oy maydonga tushmadi. Uning yo‘qligi sababli ko‘p narsalarni o‘zgartirishga majbur bo‘lyapmiz. Uchta markaziy himoyachi bilan o‘ynayapmiz. Hujumda yaxshi o‘ynadi, himoyada esa kurashlarda o‘yin amaliyoti yo‘qligi sezilib qoldi. Yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanib, ularni yaxshi holatga keltirishga ulguramiz, deb o‘ylayman.

Rahmatov olimpiya termasidan, Abdurahmatov, Ne’matov va Abduxoliqov esa milliy terma jamoadan chaqiruv olgan. Ular 28-fevral kuni jamoaga qaytishadi. Biz esa 30-mart sanasida o‘ynaymiz. Qolgan futbolchilar bilan Andijonga qarshi uchrashuvga tayyorlanamiz.

Rahmatovni Turkiyadagi yig‘in davomida qanotda sinab ko‘rdik. Sababi, qanot himoyasida muammolar bor edi. Abdurahmatov termada edi, Muhammadiyev esa jarohatda. Murod tezkor, to‘p bilan yaxshi muomala qiladi, tez charchab qolmaydi. U bu raqobatda markazda ham o‘ynashi mumkin. Bunga shubham yo‘q. Beshta bellashuvda maydonga tushgan bo‘lsak, u barchasida ajoyib harakat qildi va bejizga terma jamoadan taklif olmadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb