Buxoro davlat universiteti jamoasi Birinchi ligada ishtirok etadi

Universitetlar qoshida tashkil etilayotgan futbol jamoalari tobora katta futbolga yaqinlashmoqda deyish mumkin. 20-fevral kuni Farg‘ona davlat unirvesiteti Birinchi liga ishtirokchisiga aylangandi. Endilikda Buxoro davlat universiteti Liga tomonidan o‘tkaziladigan musobaqada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Buxoro DU 2023-yil Buxoro viloyati ichki musobaqasida munosib ishtirok etib, yakunda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Universitet jamoasi Liga Ustaviga asosan barcha talablarni bajarishga erishdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-115-sonli Qarorida davlat oliy ta’lim muassasalarida ularning moddiy-texnika bazasidan kelib chiqib, futbol bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, davlat oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud sport inshootlari va futbol maydonlarining doimiy faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash choralarini ko‘rish, har bir davlat oliy ta’lim muassasasining futbol va futzal bo‘yicha jamoalari bo‘lishi hamda oliy ta’lim muassasalari reytingini aniqlashda mazkur holatlar inobatga olinishini nazarda tutish alohida ko‘rsatib o‘tilgan. O‘zbekiston Professional futbol ligasi oliy ta’lim muassasalari qoshida sport jamoalari tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bugungi sanani ham o‘zi uchun tarixiy sanalardan biri sifatida e’tirof etadi. O‘z navbatida Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovga futbolga bo‘lgan e’tibori uchun minnatdorchilik bildiramiz.  

Buxoro davlat universitetining mini futbol jamoasi 2022-yilda o‘tkazilgan Coca-Cola Students cup musobaqasida ishtirok etgan bo‘lib, uning respublika bosqichida chorak finalga qadar etib borgandi. Ishonamizki, universitet endilikda katta futbolda o‘z o‘rniga ega bo‘lib boradi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb