Navbahor-Farm jamoasi Pro liga’dan chetlashtirilishi mumkin

“Superliga va Pro liga reglamenti”ning 14.9-bandida boshqa tashkilotlar hamda o‘z rasmiylari oldida bajarilmay qolgan moliyaviy majburiyati bo‘lmasa, shuningdek, OFK litsenziyasini qo‘lga kiritish sharti bilan futbol klubiga farm jamoa tashkil etish huquqi berilgan. 

Shu asosda Navbahor futbol klubi qoshida farm jamoa tashkil etilgan bo‘lib, u 2020-22 yillar davomida Birinchi ligada, 2023-yilda esa Pro ligada ishtirok etdi. Sir emaski, Pro liga musobaqasining o‘z talablari bor bo‘lib, unga ko‘ra jamoa Namangandagi Markaziy stadiondan foydalanishiga to‘g‘ri keldi. Biroq mavsum davomida uchrashuvlarni tashkil etish va Liga talablari asosida faoliyat olib borishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yib keldi. Liganing rasmiy ogohlantirishlariga nisbatan klub ijobiy reaksiya ko‘rsatmadi. 

Shuningdek, Navbahor futbol klubi futbolchi va murabbiylar bilan kichik bo‘lmagan summali shartnomalar tuzib, uni Liga ro‘yxatidan o‘tkazib kelayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi to‘rt mavsum davomida bevosita Liga oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishda oqsab keldi. Jumladan, Liga va klub o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, Navbahor o‘z moliyaviy majburiyatini o‘tgan yilning may oyida to‘liq bajarishi lozim edi. Biroq 2024-yilning yanvar oyi holatiga ko‘ra eng katta qarzdorlik Navbahor’ga tegishli bo‘lib turibdi. 

Qo‘shimchasiga, futbol klubi O‘FA talabiga asosan 10-yanvar sanasiga qadar ishchi-xodimlar oldidagi qarzdorlik to‘liq bartaraf etilgani yuzasidan rasmiy axborot bermadi va faqatgina og‘zaki javob bilan cheklandi. Bu esa Assotsiatsiya hamda Liga talablariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi. 

4-yanvar kuni Liga rasmiy xat bilan chiqib, 12-yanvar sanasiga qadar Navbahor farm masalasida aniq taklif kiritilishini so‘radi. Shunga qaramay, 15-yanvar holatiga ko‘ra ham klub rasmiy javob qaytarmadi. Vaholanki, O‘FA tegishli qo‘mitasi klubga nisbatan yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga taqiq kiritgan bo‘lsa-da, bu davr ichida Navbahor qator futbolchilar bilan shartnoma imzolayotgani yuzasidan ma’lumotlar bor. FIFA talabiga ko‘ra mazkur shartnomalar 1 oy ichida, Liga talabiga ko‘ra 20 kun ichida ro‘yxatga olinmasa, Navbahor navbatdagi jarima sanksiyalariga duch keladi. Ayni vaqtda esa O‘FA talabi bilan klub uchun shartnomalarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish platformasi yopib qo‘yilgan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Navbahor-Farm jamoasini Pro ligadan chetlashtirish masalasi kun tartibiga kiritildi. 16-yanvar kuni esa O‘FA tegishli qo‘mitasi qarzdorlik bilan bog‘liq talablarni o‘z vaqtida bajarmagan futbol klublariga nisbatan sanksiya qo‘llash uchun yig‘iladi. 

Liga Navbahor futbol klubining 2023-yilgi mavsum davomida ko‘rsatgan natijalarini qadrlaydi. Viloyat hokimligi ko‘magi bilan klubga katta sarmoya kiritildi va uning avvalgi obro‘sini tiklash yo‘lida qator ishlar amalga oshirildi. Biroq bevosita klub strukturasida faoliyat olib boradigan mutaxassislar va ularning o‘z ishiga professional yondashuvi yuzasidan Ligada qator savollar mavjud.

mib
uzcard
cola
apex
bmb