O‘zbekiston kubogi finali uchun chiptalar 8-noyabr kuni sotuvga chiqadi

12-noyabr kuni Qarshidagi “Markaziy” stadionida 2023-yilgi O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. 2024/25-yilgi mavsum xalqaro maydonda mamlakat sharafini himoya qilish huquqini taqdim etuvchi final o‘yinida “Nasaf” hamda OKMK jamoalari saf tortadi. 

Final uchun chiptalar 8-noyabr — chorshanba kunidan boshlab elektron sotuvga chiqariladi. Bu borada Liga iTicket bilan hamkorlik qiladi. 10-noyabr — juma kunidan e’tiboran “Markaziy” stadion kassalarida sotuv boshlanadi. 

Chiptalar 4 toifaga ajratilgan bo‘lib, CIP sektor uchun chipta narxi 100 ming so‘mni tashkil qiladi. Mos ravishda 1-2 sektor chiptalari 50 ming so‘mdan, 6-7-8 sektor chiptalari 40 ming so‘mdan, qolgan barcha sektorlar uchun chipta 30 ming so‘mdan sotuvga chiqadi. 

Chipta savdosi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida futbol muxlislaridan chiptada ko‘rsatilgan maxsus belgilarni suratga tushirib, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etmaslik yoki nusxa ko‘chirish uchun boshqa shaxslarga bermaslik so‘raladi. Sababi maxsus belgi bilan stadionga faqatgina bir marta kirish mumkin bo‘lib, qolgan xuddi shunday belgili chipta egalari stadion hududiga kira olmaydi.

OKMK klubiga muxlislik qiluvchilarga 4-sektordan chipta xarid qilish tavsiya etiladi. “Markaziy” stadionga kirish huquqini beruvchi yillik abonement yoki shu kabi akkreditatsiyalar bilan stadionga kirish mumkin emas. Boisi bellashuv mezboni biror futbol klubi emas, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hisoblanadi. 

Chipta xarid qilish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar bevosita iTicket bilan bog‘lanishlari mumkin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb