Shahrixonchi, Qumqo‘rg‘on-1977 va Zomin Birinchilik kubogiga qo‘yilmaydi

24-sentyabr kuni Birinchi liganing so‘nggi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tgandi. Reglament asosida navbat Birinchilik kubogiga yetib keldi. Undan avval esa Liga musobaqa ishtirokchilarining umumiy ish faoliyatini o‘rganib chiqdi. 

Afsuski, Birinchi ligada ishtirok etayotgan futbol jamoalarining ayrimlari qonunchilik hujjatlari asosida faoliyat yuritishda sustkashlikka yo‘l qo‘ymoqda. Jumladan, Shahrixonchi, Qumqo‘rg‘on-1977, Zomin kabi jamoalar mavsum avvalida Liga tomonidan qo‘yilgan talablarning birortasini bajarmagan. 

Shahrixonchi futbol klubida buxgalteriya hisobi, hujjatlar umuman yuritilmaydi. Futbolchilar bilan mehnat shartnomalari shunchaki rasmiylashtirilgan, ularga ish haqi deyarli to‘lanmaydi. Klubda rahbariyat, xodimlar, murabbiylar uchun sharoit mavjud emas. Eng achinarlisi, klub direktori nomiga tayinlangan bo‘lib, u Liga mutaxassislari bilan suhbatda o‘zining klubga aloqador shaxs emasligini ma’lum qilgan va biror masalada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmagan.

So‘nggi ikki mavsum davomida Liga Shahrixon tumanida katta futbol uchrashuvlarini tashkil etish uchun harakat qildi. Jamoa Ikkinchi liga g‘olibi sifatida Liga qatnashchilari safiga qo‘shilgandi. Ammo tumanda futbol na hokimlik va na homiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Tumandagi stadionni yaxshilash bo‘yicha berilgan kafolat va va’dalar bajarilmadi. Shundan kelib chiqib, Liga Shahrixonchi jamoasiga faoliyatini Ikkinchi ligada davom ettirishni tavsiya qiladi. Uni qatnashchilar safidan chiqarish masalasi Liga Ijroiya qo‘mitasi kun tartibiga kiritiladi. 

Shuningdek, mutaxassislarimiz Qumqo‘rg‘onda bo‘lib, Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasi faoliyati bilan ham qayta tanishib chiqdi. Klubda hujjatlar qisman yuritiladi, biroq buxgalteriya hisobi belgilangan tartibda yuritilmaydi. Buning oqibatida klub hisob-raqamiga kelib tushgan homiylik mablag‘lari aynan qanday maqsadlarda ishlatilganini tasdiqlovchi hujjatlar yetarli emas. Futbolchilarga mavsum boshidan buyon faqatgina bir marta ish haqi to‘langan bo‘lib, qolgan davrlar uchun to‘lovlar masalasi hal etilmagan. Shuning uchun jamoada rahbariyat hamda ayrim futbolchilar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan. Qo‘shimchasiga, jamoa Birinchi liganing so‘nggi 17-turiga asossiz tashrif buyurmadi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qumqo‘rg‘on-1977 jamoasi ham Birinchilik kubogi uchrashuvlariga qo‘yilmaydi.       

Zomin jamoasi 2022-yilgi mavsum yakunida Litsenziyalash talablarini umuman bajarmaganidan kelib chiqib, Pro ligadan Birinchi ligaga tushirilgandi. Shunga qaramay, jamoa rahbariyati Pro ligadagi o‘rnini saqlab qolish uchun bir qator yolg‘on ma’lumotlar bilan turli vositalarni ishga solib ko‘rdi. Vaholanki, Zomin klubining bugungi ahvoli Birinchi liga talablariga ham javob bermaydi. Unda hujjatlar va buxgalteriya hisobi belgilangan tartibda yurtilmaydi. Klub uchun yetarlicha sharoitlari mavjud stadion hamda o‘quv-mashg‘ulot bazasi qurib berilgan bo‘lsa-da, futbol klubida faoliyat yuritayotgan birgina shaxsdan boshqa rahbariyat organi faqat qog‘ozdagina mavjud. Futbolchilarga mart va aprel oylari uchun ish haqi qisman berilgan, qolgan oylarda ularga shartnoma asosida ish haqi to‘langanligi yuzasidan ma’lumot mavjud emas. Klub deyarli moliyalashtirmasligidan kelib chiqib, uning safar va boshqa harajatlari naqd pul ko‘rinishida qoplab borilgan. Biroq bu mablag‘lar manbasi ma’lum emas. O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, Zomin futbol klubining Ikkinchi liga jamoasidan mutlaqo farqi yo‘q.

Liga, shuningdek, Do‘stlik Toshkent, Paxtakor-79, Yangiyer, Jizzax kabi klublar faoliyatida ham ayrim kamchiliklarni qayd etdi. Biroq mazkur kamchiliklar yuqoridagilar kabi emasligidan kelib chiqib, mazkur jamoalarga mavsum yakuniga qadar imkoniyat taqdim etiladi. Dekabr oyiga qadar bu kamchiliklar bartaraf etilmasa, mazkur jamoalarning Liga qatnashchilari safida qolishi masalasi Ijroiya qo‘mita kun tartibiga kiritiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb