O‘zbekiston futzalini to‘liq qamrab oladigan raqamli platforma ishga tushirildi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Havaskorlar futbolini rivojlantirish markazi hamkorlikda ishlash yuzasidan kelishuvga erishgani haqida xabar bergandik. Uning birinchi mevasi sifatida O‘zbekiston futzalini to‘liq qamrab olishi ko‘zda tutilgan www.futsal.uz raqamli platforma ishga tushirildi. 

Raqamli platforma futzalchilar portfoliosini shakllantirishga ko‘mak beradi hamda ularning karyera bo‘ylab o‘sishiga hissa qo‘shadi. Shundan kelib chiqib, transferlar masalasida skautlar uchun yaxshigina qulaylik berishi rejalashtirilayotgan kontentdan nafaqat tashrif buyuruvchilar, balki sportchilarning o‘zi ham manfaatdor deyishimiz mumkin.  

Endilikda mamlakat futzalining Oliy va Birinchi ligasi, kubogi, Superkubogi, U18 chempionati kabi musobaqalar mazkur platformada to‘liq yoritib boriladi. Platforma, shuningdek, futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ishtirokidagi yig‘inlar, o‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlarni ham o‘zida aks ettiradi. Qo‘shimchasiga, havaskorlar futzali musobaqalari sekin-asta undan o‘rin oladi.

“Liga ham futbol, ham futzal musobaqalarini o‘tkazib keladi. Mohiyati yaqin bo‘lsa-da, ular aslida boshqa-boqsha sport turlari. Shundan kelib chiqib, bizda futzal uchun mustaqil saytni ishga tushirish zaruriyati mavjud edi. Va nihoyat bunga erisha olganimizdan xursandmiz. Ishonamanki, sayt yaqin kelajakda o‘zbek futzalining asosiy axborot manbaiga aylanadi”.

Diyor Imomxo‘jayev, O‘zPFL bosh direktori  

Hozirga qadar futzal chempionatining 2022/23-yilgi mavsumining ortda qolgan turlari qaydnomalari saytga to‘liq kiritilgan. Endilikda Birinchi liga musobaqasi qaydnomalarini unga yuklash ishlari olib borilmoqda. Tashrif buyuruvchilar taqvim, jadval, statistika, rasm hamda videolarni zamonaviy interfeys bilan kuzatib borish imkoniyatiga ega. 

Kelishuv asosida platformaning mobil telefonlar uchun ilovalari ham ishga tushirilgan bo‘lib, smartfon turiga qarab mazkur ilovalarni bemalol yuklab olishingiz mumkin. Bu sizga o‘zbek futzali bilan bog‘liq barcha jarayonlarni sifatli kontentda kuzatib borish imkoniyatini taqdim etadi.

“Liga bilan futzalni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam tashladik. O‘zbekistonda professional va havaskorlar futzalini bir tizimga tushirish oliy maqsadimiz hisoblanadi. Liga bugunga kelib professional futzalni bir maromga olib keldi, endi esa uni havaskorlar futzali bilan uyg‘unlashtirish, ma’lumotlar olish bazasini rivojlantirish kabi muhim vazifa turibdi. Bunga erisha olishimizga ishonaman”.

Nodir Alibekov, HFRM asoschisi    

O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Havaskorlar futbolini rivojlantirish markazi tez orada hamkorlikda O‘zbekiston U18 chempionati musobaqasini o‘tkazadi. Bu boradagi barcha yangiliklarni futsal.uz orqali kuzatib boring.

mib
uzcard
cola
apex
bmb