Liga futzal musobaqalarini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida navbatdagi qadamni tashladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi bir vaqtning o‘zida futzal musobaqalarini ham o‘tkazib keladi. Bugunga kunga kelib futzal Oliy ligasi, Birinchi ligasi, futzal bo‘yicha mamlakat kubogi va superkubogi, U18 chempionati kabi musobaqalar bevosita Liga tomonidan tashkillashtiriladi. 

2023/24-yilgi mavsumdan boshlab futzalni yanada ommalashtirish uchun Liga navbatdagi qadamni tashladi hamda Havaskorlar futbolini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda ishlashga qaror qildi. Kelishuv asosida mamlakat futzalini to‘liq yoritib boradigan alohida rasmiy sayt ishlab chiqilayotgan bo‘lib, tez orada u jamoatchilikka taqdim etiladi.

Yangi sayt O‘zbekiston futzal chempionati uchrashuvlari, qaydnomalari, statistikalarini o‘zida to‘liq aks ettiradi. Shuningdek, futzal terma jamoalarining faoliyati ham chetda qolib ketmaydi. Mazkur sayt har bir professional futzalchi haqida to‘liq ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan kontentga aylanib borishi rejalashtirilgan. 

Shuningdek, O‘zbekiston kubogi musobaqasi uchun havaskor jamoalarni jalb etish kabi masala ham alohida o‘rganib chiqilayotganini qayd etish kerak. So‘nggi uch yilda Oliy liga va Birinchi liga ancha tartibga keltirilgan bo‘lsa, endilikda quyi bo‘g‘inlarga ham kirib borish imkoniyatlari ochiladi. 

Ma’lumot uchun, futzalni ommalashtirish yo‘lida musobaqalar geografiyasi yildan-yilga kengayib bormoqda. Bugun kelib Liga futzal chempionati uchrashuvlarini nafaqat Toshkent, balki Farg‘ona, Olmaliq, Jizzax, Qarshi, Urganch kabi shaharlarida ham tashkil etishni yo‘lga qo‘ygan. 2023/24-yilgi mavsumdan boshlab yana bir qator shaharlar mazkur ro‘yxatga qo‘shilishi mumkin. Shuningdek, futzal chempionati o‘yinlari YouTube orqali jonli efirga uzatiladi. Ishonamizki, Havaskorlar futbolini rivojlantirish markazi bilan hamkorlikda biz yangi bosqichga qadam qo‘yamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb