Toshkent viloyati yoshlarini birlashtiruvchi “Yangiyo‘l” jamoasi tashkil etildi

“Yangiyo‘l” futbol jamoasi Liga tomonidan o‘tkaziladigan Birinchi liga musobaqasida ishtirok etadi. Toshkent viloyati bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi qoshida ochilgan jamoa talab etilgan hujjatlarni taqdim etdi. 

Liga bolalar futboliga e’tibor qaratayotgan “Yunired”, “Andijon SGS”, “Do‘stlik Toshkent”, “Olimpiya” kabi jamoalarni o‘zida birlashtirayotganidan xabaringiz bor. Endilikda ular orasiga “Yangiyo‘l” ham qo‘shildi. Toshkent viloyati futbol akademiyasida tahsil olayotgan va bunga qadar shu akademiya tarbiyalanuvchisi bo‘lgan yoshlar tajribali mutaxassis Aleksandr Mochinov murabbiyligida Birinchi ligada ishtirok etadi. Pro litsenziyasiga ega bo‘lgan mazkur mutaxassis o‘z vaqtida mamlakatimizning nomdor jamoalaridan tashqari Rossiya, Qozog‘iston, Kuvayt kabi mamlakatlar futbol klublarida ham faoliyat olib borgani bilan o‘zbekistonlik futbol muxlislariga yaxshi tanish. 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi hozirga qadar Andijon va Toshkent viloyati bolalar-o‘smirlar futbol akademiyasi, shuningdek, Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi kabi hukumat ko‘magi bilan moliyalashtirilayotgan o‘quv maskanlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Bulardan tashqari birinchilikda “Bunyodkor” hamda “Nasaf” futbol akademiyalarida tarbiyalanayotgan yoshlardan tashkil topgan farm-jamoalar ham mavjud.  

Birinchi liga yosh iqtidorlarni kashf etuvchi musobaqaga aylanib borayotganligini e’tirof etish kerak. Bundan tashqari U19 hamda U21 chempionatlari Liga tomonidan bir maromda o‘tkazib kelinmoqda.

mib
uzcard
cola
apex
bmb