Liga OAV vakillari bilan ochiq muloqot tashkil qiladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi kecha — 15-fevral kuni Superliga jamoalari uchun qishki transfer oynasini yopdi. 23:59 dan boshlab futbol klublari futbolchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini MyLeague platformasiga yuklash imkoniyatidan avtomatik ravishda uzildi. Talab etilgan hujjatlarida hech qanday kamchiligi bo‘lmagan klublarning 2023-yilgi mavsum uchun qaydnomasi rasmiy saytimizning hujjatlar bo‘limiga joylashtirilmoqda. 

O‘tgan yilning 16-dekabr kuni Liga Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi o‘tkazilgan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar ijrosi to‘liq bajarildi. Ayni vaqtda Superliganing yangi mavsumini boshlash yo‘lidagi so‘nggi rejalarni amalga oshirish ishlariga o‘tilgan. Bundagi muammo va kamchiliklar, qilinayotgan ishlar yuzasidan Liga futbol jamoatchiligiga o‘z sahifalari orqali muntazam ravishda ma’lumot berib turibdi.

Shunga qaramay, futbol jamoatchiligini qiynayotgan yoki qiziqtirayotgan savollar bo‘lishi tabiiy. 2021-yilgi mavsum yakunida tashkilot bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev OAV bilan ochiq muloqot o‘tkazib, Liga bilan bog‘liq moliyaviy masalalar yuzasidan berilgan savollarga ham batafsil javob qaytargandi. Ochiq va shaffof ishlashga harakat qilayotgan O‘zbekiston Professional futbol ligasi 2022-yilgi mavsum yakuni yuzasidan ham xuddi shunday anjuman o‘tkazishga va’da bergandi.

Transfer oynasining asosiy yuklamalari bajarib bo‘linganidan kelib chiqib, Liga tashkilot faoliyati yuzasidan beriladigan savollarga javob qaytarishga tayyor. Joriy yilning 25-fevral kuni soat 15:00 da “Bunyodkor” stadionida jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanda Liganing 2023-yilgi mavsumi uchun akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillari ishtirok etishi mumkin.

mib
uzcard
cola
apex
bmb