Liga “Buxoro sport majmuasi” maydoni yuzasidan o‘z xavotirini bildiradi

2023-yilgi mavsumni Superligada o‘tkazadigan “Buxoro” futbol klubi qishki transfer oynasi yakuniga 19 kun vaqt qolgan bo‘lsa-da o‘z smetasini kelishish masalasida O‘FA bilan aloqaga chiqqani yo‘q. Buning o‘rniga “Buxoro” qator yangi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi va Antaliyaga jo‘nab ketdi. 

Liga mutaxassislari 26-yanvar kuni “Buxoro sport majmuasi” hamda klub qarorgohini o‘rgandi. Katta majmua o‘z faoliyatini davom ettirishi ko‘plab buxorolik sport muxlislarini xursand qilgan bo‘lsa-da, futbol nuqtai nazaridan bu erda maydon masalasiga professional yondoshuv mavjud emas. Respublika bo‘ylab sovuq havo harorati hukm surayotganidan kelib chiqib, qator futbol klublari o‘z maydoni maysasi ustini maxsus qoplama bilan o‘rab chiqishga ulgurgan. Ammo qayta foydalanishga topshirilganiga bir yil ham to‘lmagan “Buxoro sport majmuasi”da bu ish paysalga solingan. Oqibatda yana o‘n yillar xizmat qilishi lozim bo‘lgan maydon maysasi holatida salbiy tomonga o‘zgarish mavjud. 

Liga o‘tgan yilning 30-oktyabr sanasida O‘zbekiston kubogining final uchrashuvini aynan Buxoro shahrida tashkil etgandi. Shundan keyin 29-noyabr kuni Liga rasmiy sayti maydonlar masalasi yuzasidan katta material chop etdi. Bunda Buxorodagi markaziy maydon masalasiga ham to‘xtalingan bo‘lib, endilikda uni yaxshi holatda saqlash uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim ekanligi borasida so‘z borgan. Biroq “Buxoro” futbol klubi ham, “Buxoro sport majmuasi” ham katta ehtimol bilan bunga vaqt ajrata olmagan. 

Shundan kelib chiqib, “Buxoro sport majmuasi” parvarishi uchun ajratilishi lozim bo‘lgan summa hamda maydon texnikasi uchun yo‘naltirilishi lozim bo‘lgan summa “Buxoro” futbol klubi smetasiga kiritilmagan taqdirda mazkur klub shartnomalari Liga tomonidan qabul qilinmaydi. Shuningdek, mazkur smetadan “Buxoro” futbol klubiga qarashli qarorgohni kapital ta’mirdan chiqarish masalasi ham o‘rin olishi shart. O‘z qarorgohi maydoni va uning moddiy texnik bazasi talabga mutlaqo javob bermaydigan futbol klubining xorij yig‘inida ishtirok etishi hamda legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolashi Liga so‘nggi uch yildan buyon futbol klublariga qo‘yib kelayotgan talabga mutlaqo mos kelmaydi. 

 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Buxoro viloyati hokimligi hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi rahbariyatidan klubdagi vaziyatga jiddiy e’tibor qaratishni so‘raydi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb