Pro ligada 11 ta klub ishtirok etadi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasining 2022-yil 16-dekabr sanasidagi yig‘ilishi kun tartibidan Pro liga masalasi ham o‘rin olgandi. Liga Ijroqo‘m a’zolariga mavjud holat haqida batafsil ma’lumot taqdim etgach, Pro liga qatnashchilari safidan chiqarilishi mumkin bo‘lgan 3 ta futbol klubiga 21-yanvar sanasiga qadar muhlat berish yuzasidan qaror qabul qilingandi.

Liganing 2020-yildan buyon ishlab kelayotgan besh mavsumlik rejasiga ko‘ra, 2024-yildan e’tiboran Pro ligada faqatgina professional futbol klublari ishtirok etishi, aynan shu yildan boshlab OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olmagan klubning Superligada ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Yarim professional futbol jamoalari esa professional klub talabini bajarish shartidagina Pro liga qatnashchilari safiga qo‘shilishi mumkin.

Aynan shu reja asosida 2022-yilgi mavsum davomida Liga Samarqandning “Yunired”, Nukusning “Aral” hamda Andijonning “Andijon-SGS” klublari bilan ishlab keldi. Bugunga kelib ular litsenziyalash talablari asosida o‘z futbol maktabi, aniq moliyalashtirish manbasiga ega, bu klublarning futbolchilar va boshqa tashkilotlar oldida qarzdorligi mavjud emas. Shuningdek, Samarqand va Andijon viloyati hokimlari bilan bevosita muloqot orqali jamoalarning Pro ligadagi ishtirokiga ko‘maklashish maqsadida ularning viloyatlardagi ikki asosiy stadiondan foydalanishi mumkinligi masalasi kelishildi. Nukus shahridagi “Turon” stadionini to‘liq ta’mirlash ishlari 2023-yildan boshlanishi tegishli qaror bilan belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, Liga Ijroqo‘mi “Yunired”, “Aral” hamda “Andijon SGS” klublarining litsenziyalash talablarini bajarish shartida 2023-yilgi mavsumni Pro ligada o‘tkazish masalasini qabul qildi. Ulardan tashqari “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Dinamo”, “Xorazm”, “Mash’al”, “Sho‘rtan”, “G‘ijduvon” jamoalarining Pro ligada ishtirok etishi masalasi aniq bo‘lib ulgurgandi.

“Aral” Birinchi liganing 2022-yilgi mavsumini 2-o‘rinda yakunlagan bo‘lib, musobaqalar o‘tkazish reglamentiga ko‘ra Pro liga yo‘llanmasi uchun shu musobaqaning to‘qqizinchi jamoasi bo‘lgan “Zomin”ga qarshi o‘tish o‘yinida ishtirok etishi kerak edi. Biroq Liga 2022-yilning 22-noyabr sanasida mazkur bellashuvni o‘tkazmaslikka qaror qildi. Sababi “Aral” litsenziyalash talablari bo‘yicha 2022-yil davomida Liganing barcha talablarini bajarib keldi, “Zomin”da esa bu borada qator muammolar kelib chiqdi. Shundan kelib chiqib, “Zomin” futbol klubi Pro liga qatnashchiligi huquqini o‘tish o‘yini orqali emas, litsenziyalash talablarini bajarish orqali himoya qilishi lozim edi.

“Navbahor-farm” jamoasi Birinchi ligani g‘olib sifatida yakunlab, Pro ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Namangan tomoni “Navbahor-farm” jamoasini “Navbahor lochinlari”dan ajratib chiqarish va Kosonsoyda yangi futbol klubi tashkil qilish taklifini kiritdi. Liga mazkur masalani o‘rganib chiqib, Kosonsoydagi stadion to‘liq rekonstruktsiya qilinmagunga qadar, bu yerda Pro liga uchrashuvlari o‘tkazilmaydi degan qarorga keldi. Namangan viloyati hokimligi 2023-yil davomida Kosonsoydagi stadionni to‘liq ta’mirdan chiqarishga va’da berdi. “Navbahor-farm” jamoasi viloyatdagi asosiy stadiondan foydalanish shartida Pro ligadagi o‘rnini saqlab qoldi. Uning alohida klub sifatida ajratib olinishi qonunchilik hamda FIFA nizomlaridan chetlashilmagan holda amalga oshirilishi muhim masala bo‘lib, 2023-yil uchun berilayotgan kafolatning qay tariqa bajarilishidan kelib chiqib, loyiha 2024-yilga qadar amalga oshiriladigan bo‘ldi.

“Zomin” klubi Liga Ijroqo‘mi imkoniyat taqdim etgan 21-yanvar sanasiga qadar talabni bajara olmadi. Bugunga kelib “Zomin” futbol klubi aniq moliyalashtirish manbasiga ega emas. O‘tgan mavsum davomida klub futbolchilar, murabbiy va faqatgina bitta shtat-hodimi bilan faoliyat olib bordi. Qolgan barcha masala faqatgina qog‘ozda bo‘lib, amalda hech qanday ish qilinmadi. Zominda yaxshi infrastruktura shakllanganiga qaramay, bugungi kunda jamoani OFK litsenziyalash talablari asosida ushlab turish uchun moliyaviy imkoniyat mavjud emas. Shundan kelib chiqib, klub sifatida shakllanmagan va faqatgina bir qator futbolchilar jamlanmasidan iborat bo‘lgan mazkur jamoa 2023-yilgi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazishi mumkin. Yil davomida litsenziyalash talablari asosida “Zomin” futbol klubi qayta shakllantirilsa, unda Pro ligaga qaytish imkoniyati bo‘ladi.

“Yangiyer” futbol klubida vaziyat yanada og‘ir. Jamoaning futbolchilar, ishchi-xodimlar, stadionlar va boshqa korxonalar oldida yetarlicha qarzdorligi mavjud. 2022-yil davomida futbol jamoasi qayta-qayta kafolatlar bilangina cheklandi, biroq amalda ularni bajarish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. “Yangiyer” futbol klubi na Yangiyerdagi va na Gulistondagi stadion bo‘yicha bildirilgan fikrlar bo‘yicha amalda bir ish qildi. Shuningdek, viloyat futbol mahorati maktabi bilan tuzilgan kelishuv shartnomasi shartlariga ham rioya qilmagani oqibatida, maktab tarbiyalanuvchilarining ota-onalaridan qator shikoyatlar kelib tushdi. Shundan kelib chiqib, Liga “Yangiyer” futbol jamoasining 2023-yilgi mavsum davomida Pro liga o‘yinlarini bir tekisda o‘tkazishi masalasiga to‘la ishonch hosil qilmadi va unga yangi mavsumni Birinchi ligada o‘tkazish tavsiya etildi. “Yangiyer” futbol jamoasi mavjud talablarni yil davomida bajarish shartida Pro ligaga qaytishi mumkin.

Shundan kelib chiqib, Liga Pro liganing 2023-yilgi mavsumida 11 ta jamoa ishtirok etishi masalasida yakuniy to‘xtamga kelindi. Bunda klublar sonining juft bo‘lishi yoki boshqa mezonlar emas, aynan litsenziyalash talablari birlamchi sifatida belgilab olindi. Liga “Superliga va Pro liga reglamenti”ni o‘tgan yildayoq to‘liq shakllantirib, Superliga va Pro ligada ishtirok etishi mumkin bo‘lgan klublarga taqdim etgan, faqatgina Pro liga formati masalasi unda ochiq qoldirilgandi. 28-yanvar sanasiga qadar mazkur band to‘liq to‘ldiriladi va reglament jamoatchilik hukmiga havola etiladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb