Klublar OFK litsenziyasi uchun harakatni boshladi

Musobaqalarni kuz-bahor tizimida o‘tkazishga o‘tgan OFK litsenziyalash davriga ham o‘zgartirish kiritdi. Endilikda qit’a futbol klublari yanvar oyidan boshlab aprel oyi so‘ngiga qadar litsenziyalash jarayonida ishtirok etadi. 

Shundan kelib chiqib, Liga Superliga va Pro liga futbol klublarining litsenziyalash menejerlari hamda buxgalterlari ishtirokida seminar o‘tkazdi. Mazkur seminar Liganing Klublarni litsenziyalash va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Zohirjon Akramxonov tomonidan olib borildi. 

Seminar davomida litsenziyalash jarayoni, unga kiritilgan o‘zgarishlar, talablar masalasida futbol klublariga batafsil ma’lumot berildi. So‘nggi ikki mavsumdan buyon Liga litsenziyalash harakatlarini monitoring qilibgina qolmay, futbol klublari bilan hamkorlikda mazkur jarayonda teng mehnat qilyapti. Buning natijasida bugungi kunga kelib O‘zbekistonda OFK litsenziyasiga ega chiqqan 12 ta futbol klubi hamda 2 ta ayollar jamoasi mavjud. Liganing navbatdagi maqsadi litsenziyaga ega chiqayotgan klublar sonini yanada ko‘paytirishga erishish hisoblanadi. 

2020-yilgi mavsumga kelib Liga Pro liga qatnashchilarini ham litsenziyalash jarayoniga jalb qilish tashabbusi bilan chiqdi. Buning natijasida 2021-yilga kelib Pro liganing 3 ta klubi OFK litsenziyasini qo‘lga kiritishga erishdi. Shu asosda Liga 2024-yildan boshlab Pro ligada faqatgina professional futbol klublari ishtirokini ta’minlash rejasi sari ilk qadamlarni tashladi. 

2023-yilga kelib ilk marta Birinchi liga jamoasi ham litsenziyalash jarayonida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Agar Birinchi liga jamoasi OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olsa, 2023-yilgi mavsum natijasidan qat’iy nazar 2024-yilda Pro liga qatnashchilari safiga qo‘shiladi. 

2023-yildan boshlab “Andijon SGS”, “G‘ijduvon”, “Do‘stlik Toshkent” kabi jamoalar ilk marta OFK litsenziyasi uchun harakat qilib ko‘radi. Shu tariqa litsenziya talabgori bo‘lgan futbol klublari soni 25 tani tashkil etishi rejalashtirilgan. “Yunired” va “Aral” futbol klublari tashkil etilganiga hali 2 yil to‘lmagani munosabati bilan OFK litsenziyalash jarayoniga 2024-yildan boshlab jalb qilinadi. Shu tariqa mazkur klublar milliy litsenziyalash talablari asosida xalqaro litsenziya uchun tayyorlab boriladi. Pro ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan “Navbahor-farm” esa “Navbahor lochinlari” qoshidagi jamoa sifatida litsenziyalash jarayonida qatnashmaydi. 

Ma’lumot uchun, “Superliga va Pro liga reglamenti”ning 10.5-bandiga ko‘ra OFK litsenziyasini qo‘lga kiritgan futbol klubiga O‘FA tomonidan professional futbol klubi maqomi taqdim etiladi. Liga musobaqalarida ishtirok etayotgan qolgan barcha jamoa yarim professional futbol jamoasi hisoblanadi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb