Ayollar futboli musobaqalari 2023-yildan boshlab O‘FA tomonidan o‘tkaziladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi ayollar futboli darajasini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida mehnat qildi. O‘zbekiston Oliy ligasi, Birinchi ligasi, mamlakat kubogi, Superkubogi kabi bellashuvlar so‘nggi 5 yil davomida Liga tomonidan o‘tkazib kelindi. Shuningdek, 2021-yilda asos solingan O‘zbekiston U16 chempionatining ilk mavsumi ham Liga tomonidan tashkil etildi.

Biz o‘tgan davr ichida “Sevinch”, “Bunyodkor-W”, “So‘g‘diyona-W” kabi jamoalarning qiziqarli raqobatiga guvoh bo‘ldik. Shuningdek, AGMK ayollar jamoasi so‘nggi uch yilda katta o‘sishga erishdi. Markaziy o‘yinlar Liga tomonidan jonli efirga olib chiqildi. 

O‘zbekiston ayollar jamoalarini litsenziyalash jarayoniga jalb eta olgan Osiyoning to‘rt mamlakati qatoridan joy oldi. Ikki nafar klub bevosita OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Buning natijasida FIFA O‘zbekiston ayollar futboli uchun moliyaviy grant ajratishga qaror qildi. 

Bugunga kelib ayollar futbolida mehnat qilayotgan mutaxassislar, to‘p surayotgan futbolchilarga mavsum uchun topshiriladigan sovrinlar erkaklar futbolidagi kabi ko‘rinishga keltirilgan. 2022-yil yakunlariga ko‘ra ilk bor eng yaxshi ayol referini aniqlash ham yo‘lga qo‘yildi.  

FIFA talabidan kelib chiqib, ayollar futboli musobaqalari bevosita assotsiatsiya tomonidan o‘tkaziladi. 2023-yilga kelib O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ham yuqorida qayd etilgan barcha musobaqalarni boshqarib boradi. 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi ayollar futbolida mehnat qilayotgan barcha-barchaga o‘zaro hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiradi. Ishonamizki, assotsiatsiya rahbarligida ayollar chempionati yangi bosqichga chiqadi va katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritadi. Biz assotsiatsiya bilan birgalikda ayol futbolchilarning huquq va erkinliklari barcha tomonidan hurmat qilinishi shartligi prinsipida ishlashda davom etamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb