O‘zPFL Jahon Professional futbol ligalari assotsiatsiyasi a’zosiga aylandi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi dunyodagi eng yetakchi futbol ligalarini o‘zida birlashtirgan Jahon Professional futbol ligalari assotsiatsiyasining to‘laqonli a’zosiga aylandi.

World Association of Professional Football Leagues (WLF) dunyo bo‘ylab 44 ta eng yetakchi ligani o‘zida birlashtirgan xalqaro tashkilot hisoblanadi. 2015-yilning 1-dekabr kuni 23 ta liga Parijda o‘zaro hamfikrlik deklaratsiyasini imzolagach, assotsiatsiya tuzish uchun birinchi qadam qo‘yildi. 2016-yilning 1-may kuni Syurixda mazkur tashkilotga rasman asos solindi.

Assotsiatsiya futbol ligalari manfaatlarini himoya qiladi. U xalqaro musobaqalar taqvimini tuzishda FIFA va qit’alar konfederatsiyalariga o‘z a’zolari manfaatidan kelib chiqib, tavsiya va takliflar kiritib keladi. Shuningdek, turli yo‘nalishlarda IFAB, FIFPro kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi. 

Tashkilot boshqaruv kengashi Angliya Premyer-ligasi rahbari Richard Masters, Meksika futbol ligasi rahbari Enrike Bonilla hamda MLS (AQSh) rahbari Don Garber kabilardan iborat. O‘zPFL hamda WLF o‘rtasidagi aloqalar o‘tgan yilning iyul oyidan boshlangandi. Shu davr ichida assotsiatsiya O‘zPFL bilan bog‘liq musobaqalar, normativ hujjatlar va boshqa materiallarni batafsil o‘rganib chiqdi. Yakunda assotsiatsiya bosh kotibi Jerom Perlemuter O‘zPFLni 45-a’zo sifatida tashkilotga qabul qilishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

“Jahon ligalari forumida O‘zbekiston Professional futbol ligasini ko‘rishdan va uning yangi a’zomizga aylanganidan behad mamnunmiz. Biz hamkorlikda O‘zbekiston futboli imkoniyatlarini yuzaga chiqarishdan xursandmiz”, — deb fikr bildirdi Jerom Perlemuter.

Jerom Perlemuter hamda O‘zPFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jayev 2022-yilning 17-19-oktyabr kunlari Dubay shahrida WLF tomonidan o‘tkazilgan “Jahon futbol ligalari forumi”da uchrashib, fikr almashgandi. Uning doirasida WLF Osiyoning yetakchi ligalari uchun ham alohida yig‘ilish tashkil etdi. Unda Yaponiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, O‘zbekiston, Qatar, BAA, Malayziya hamda Hindiston ligalari ishtirok etib, ligalarni qiynab kelayotgan qator masalalar yuzasidan fikr almashgandi.

Ma’lumot uchun, WLF o‘zida UEFAning Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Belgiya, Portugaliya, Ukraina, OFKning Avstraliya, BAA, Yaponiya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Janubiy Koreya, Tailand kabi mamlakatlarini birlashtirgan. A’zolarning to‘liq ro‘yxati bilan mana shu havola orqali tanishib olish imkoniyati mavjud. Endi ular orasida O‘zbekiston ham bor. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb