2023-yilgi mavsum taqvimi loyihasi tayyor

O‘zPFL Ijroqo‘mi yig‘ilishida 2023-yilgi mavsum taqvimi loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Superliganing yangi mavsumi 3-mart sanasidan e’tiboran start oladi.

Loyiha O‘FA terma jamoalar bo‘limiga taqdim etilgan. FIFA kunlari, xalqaro musobaqalar inobatga olingan. O‘zPFL taqvim loyihasini shu yilning may oyidayoq ishlab chiqqandi. Ammo shundan keyin OFK o‘z rejalariga qator o‘zgartirishlar kiritdi. Xabaringiz bor, tashkilot klublar musobaqasini kuz-bahor tizimiga o‘tkazish arafasida turibdi. Qolaversa, 2023-yilgi Osiyo kubogi mezboni, buning natijasida esa katta ehtimol bilan musobaqa sanalari ham o‘zgardi. Eng so‘nggi o‘zgarishni OFK dekabrning ikkinchi dekadasida tasdiqladi. Bungacha “Nasaf”ning Chempionlar ligasidagi navbatdagi uchrashuvi 3-fevralda o‘tishi kerak edi. Yangi rejaga ko‘ra Qarshi klubi ilk uchrashuvni 19-fevralda o‘tkazadi. Tabiiyki, O‘zPFL rejalari ham o‘zgardi. Taqvim loyihasini mana shu havola orqali ochib, matnning qolgan qismini o‘qishda davom etishingiz mumkin.

“Nasaf” Qatar mezbonlik qiladigan markazlashgan pley-off o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashsa, so‘nggi uchrashuvni 26-fevral kuni o‘tkazadi. Shu hamda boshqa masalalar inobatga olinib, chempionatning 3-martdan e’tiboran start olishi masalasi kelishildi. Qiziq tarafi shundaki, 2023-yilgi murakkab holatdan kelib chiqib, O‘zbekiston Superkubogi uchrashuvi faqatgina Superliganing 2-turidan keyin bo‘lib o‘tadi. Boisi Superkubok uchun kurashda ham “Nasaf” bor. U20 Osiyo chempionati hamda mart oyidagi FIFA kunlari shunday qaror qabul qilinishiga olib keldi. Mavsumni Superkubok bilan boshlash va qolgan 12 ta klub ilk turni keyinroq o‘tkazishi esa tig‘iz taqvimga biroz mos kelmadi. 

2023-yildan boshlab Superliganing barcha turida shanba va yakshanba kunlari o‘yinlar bo‘lib o‘tadi. O‘zPFL mart-aprel hamda oktyabr-noyabr oylarida yakshanba kungi bellashuvlarni 13:00 dan e’tiboran boshlaydi va o‘yinlar kechgacha davom etadi. Muxlislar tashrifi hamda terma jamoa manfaatlaridan kelib chiqib, o‘yinlarning shanba yoki yakshanbaga to‘g‘ri kelishi masalasi oydinlashadi.

Kubok bellashuvlari hafta o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Final 29-oktyabrga rejalashtirilgan. Iqtisodiy imkoniyatlar, jamoalar rejalaridan kelib chiqib, kuz faslidagi 3 ta FIFA kunlari davomida Liga kubogi uchrashuvlari o‘tkazilishi mumkin. Mazkur musobaqa qo‘shni mamlakatlar asosiy ligalari jamoalari uchun ochiq bo‘ladi. Bu boradagi aniq reja keyinroq e’lon qilinadi.

Taqvim shakllantirishda 4 ta klubning Chempionlar ligasida ishtirok etishi masalasi ham inobatga olingan. Musobaqada muammolarsiz qatnashish uchun har to‘rt klub kelasi yilning iyun oyida OFK litsenziyasiga ega chiqishi shart hisoblanadi. 

mib
uzcard
cola
apex
bmb