Yangi litsenziyalash mavsumi yanvar oyidan start oladi

OFK nazorati ostida har yili professional futbol klublarini litsenziyalash jarayoni o‘tkaziladi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad – futbol klublarining professional maqomga mos ish yuritishini ta’minlash, klublar infratuzilmasini yaxshilab borish sanaladi.

O‘zPFL bu borada OFK bilan keng muloqotga kirishayotgani, litsenziyalash jarayoniga jiddiy ahamiyat berayotgani ma’lum. O‘zbekiston yuqori divizion bilan birgalikda ikkinchi darajali musobaqa klublarini ham litsenziyalashdan o‘tkazadigan qit’aning kam sonli mamlakatlardan biri sanaladi. Harakatlar samara berayotganini e’tirof etish darkor.

2023-yildan OFK klublar musobaqalarini kuz-bahor davrida o‘tkazadi. Shundan kelib chiqib, litsenziyalash jarayoni muddatlariga ham o‘zgartirishlar kiritildi. Ilgari oktyabrda yakuniy natijalar e’lon qilingan bo‘lsa, endilikda OFK litsenziyasini qo‘lga kiritgan klublar nomi may oyida ma’lum bo‘ladi.

O‘z-o‘zidan 2023-yilning yanvar oyidan litsenziyalash jarayonlari start oladi. Unda Superliga hamda Pro liga ishtirokchi jamoalari qatnashadi. Klublar yanvar va fevral oylarida sport, infratuzilma, personal (ishchi-xodimlar va murabbiylar) hamda huquqiy mezonlar bo‘yicha hujjatlar to‘plamini AFC CLAS onlayn platformasiga yuklaydi. Mart va aprel oylarida esa moliyaviy mezon bo‘yicha hujjatlar taqdim etiladi. May oyi so‘nggida litsenziyalash natijalari ma’lum bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, ushbu litsenziyalash 2023-yilning avgust oyida start oladigan Chempionlar ligasi yangi mavsumida ishtirok etuvchi klublar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki qit’a futbol uyushmasi aynan litsenziyalash natijalariga ko‘ra OFK litsenziyasini qo‘lga kiritgan klublargagina musobaqada qatnashishga ruxsat beradi. Shundan kelib chiqib, AGMK, “Paxtakor”, “Nasaf” va “Navbahor” Chempionlar ligasida to‘p surishi uchun litsenziya qo‘lga kiritilishi shart.

mib
uzcard
cola
apex
bmb