Elmira Gulamova: Ertaga barcha futbol ishqibozlari ayollar futboli ham tomoshabop ekanligiga guvoh bo‘lishadi

Bugun Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionda ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston kubogi finali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanning ikkinchi qismida “Bunyodkor-W” jamoasi bosh murabbiyi Elmira Gulamova hamda Ilvina Ablyakimova va Zarina Saidova ishtirok etdi.

Gulamova: Avvalambor barcha qarshilik muxlislarni “Nasaf” jamoasining O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritgani, “Sevinch” jamoasining esa mamlakat chempioni bo‘lgani bilan tabriklayman.

Hammamiz tushunib turibmiz. Ertaga final. Bungacha Jizzaxda chempionatning og‘ir o‘yinini o‘tkazdik. Afsuski, “So‘g‘diyona-W” bilan bo‘lgan uchrashuvda kichik hisobda imkoniyatni boy berdik.

Albatta, o‘tgan o‘yinni tahlil qildik va tegishli xulosamizni chiqardik. Shuningdek “Sevinch” bilan o‘tkazilgan o‘yinlarni ham tahlil qildik va mana Qarshiga keldik.

Umid qilamanki, ertaga barcha futbol ishqibozlari ayollar futboli ham tomoshabop ekanligiga guvoh bo‘lishadi. Chunki, mamlakatimizning ikki etakchi jamoasi ertaga finalda maydonga tushadi. Ertaga muxlislar qiziqarli o‘yin guvohi bo‘lishadi.


Ablyakimova: Finalga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Jangovar kayfiyatdamiz. Ertaga kubok uchun maydonga tushamiz.


Saidova: Jamoadoshlarimning kayfiyati a’lo, biz ertaga bor kuchimizni ishga solamiz.


Gulamova:  Biz o‘tgan o‘yinni boy berdik va chempionlik uchun kurashdan chiqib ketdik. Futbol yutuqlar bilan, mag‘lubiyatlar bilan birga yuradi. Ammo kayfiyatimizni tushirmaymiz. O‘tgan mag‘lubiyatni unutib, ertaga maydonga tushamiz.

Har bir murabbiyda o‘yin vaziyatiga qarab, variantlari bo‘ladi. Ertaga albatta o‘yinni borishiga qarab, variantlarimizni  ishga solamiz. Men 2018-yildan buyon jamoada bosh murabbiyman, hech bir yil yo‘qki “Bunyodkor-W” jamoasi mavsumni sovrinsiz yakunlamagan. O‘tgan muddatda ikki marta chempion bo‘ldik, ikki marta kubok sohibi va ikki marta Superkubokka egalik qildik.

Bu yil biz uchun muvaffaqiyatsiz yil bo‘ldi. Chunki, asosiy maqsadimiz chempion bo‘lish edi. Men shaxsan afsusdaman, bu maqsadimizga erisha olmadik. Ammo jamoamiz futbolchilaridan minnatdorman, ular bor kuchlarini berishdi.


Eslatib o‘tamiz, “Bunyodkor-W” hamda “Sevinch” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi finali ertaga “Markaziy” stadionda soat 16:00 da start oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb