Vladislav Xan: Final ilk marta Qarshida bo‘lib o‘tadi

Bugun Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionda ayollar futboli bo‘yicha O‘zbekiston kubogi finali oldidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Uning birinchi qismida “Sevinch” jamoasi bosh murabbiyi Vladislav Xan hamda etakchi futbolchilar – Mahliyo Sarikova va Saida Galimova ishtirok etdi.

Xan: “Sevinch” jamoasida 20 yildan buyon faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, ilk bor Qarshi shahri O‘zbekiston kubogi finaliga mezbonlik qilmoqda va bundan juda ham xursandman. Tabiiyki, ertaga futbol bayrami bo‘ladi va muxlislar ham ko‘p bo‘ladi.

“Bunyodkor-W” bilan ancha vaqtdan beri raqobatlashib kelamiz. Hozirgi kunda ushbu jamoada “Sevinch”ning olti nafar tarbiyalanuvchisi to‘p tepadi. Raqib tarkibida ko‘p narsalarga qodir bo‘lgan futbolchilar bor va hurmat bilan yondashamiz. “Qaldirg‘ochlar”ga qarshi bahslar doim og‘ir o‘tgan.

Albatta, raqibni yaxshi o‘rganib chiqqanmiz. Shunday bo‘lsada, o‘z o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilamiz.

Yillar davomida “Sevinch” etakchi jamoa bo‘lib kelgan. Yil avvalida jamoa oldiga shonli mavqeini tiklash vazifasi yuklatilgan edi. Shogirdlarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ular barchasini to‘g‘ri qabul qilishdi. O‘ylashimcha, chempionlikka haqli edik.


Sarikova: Kayfiyatimiz a’lo darajada. Ertangi uchrashuvga tayyormiz. Buni qizlarning mashg‘ulotlardagi o‘zlariga bo‘lgan ishonchidan ham sezdim.


Galimova: Finalda barchasi o‘z qo‘limizda. Eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishga harakat qilamiz.


Xan: Mamlakat chempioni sifatida kelgusi mavsum klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ishtirok etamiz. Xalqaro maydonda munosib ishtirok etish uchun, albatta tarkibni kuchaytirishni maqsad qilganmiz.

“Nasaf” bu mavsum kubokni qo‘lga kiritdi. Biz esa muddatidan oldin chempionlikni naqd qildik. Har ikkala jamoa “oltin dubl”ga erishish uchun juda ham yaqin turibdi. Albatta, buni juda ham istaymiz va harakat qilamiz.

“Sevinch” – terma jamoa bazasi sifatida tashkil etilgan. Jamoa yaxshi futbol maktabiga ham ega bo‘lgan. Bugungi kunda etakchi jamoalarda ham Qarshi klubi tarbiyalanuvchilari to‘p tepadi. Shu bois, “Sevinch” doim o‘z oldiga yuqori maqsadlarni qo‘yib kelgan va katta tarixga ega jamoa sanaladi.


Eslatib o‘tamiz, “Bunyodkor-W” hamda “Sevinch” jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogi finali ertaga “Markaziy” stadionda soat 16:00 da start oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb