TTG jamoasi futzal birinchiligida ishtirok etish uchun O‘zPFL a’zoligiga qabul qilindi

2022/23-yilgi mavsum futzal bo‘yicha O‘zbekiston birinchiligida TTG jamoasi ham ishtirok etadi. Mazkur jamoa shu yil “Textile technologies group” korxonasi muassisligida tashkil etilgan. “Textile technologies group” sifatli ip ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 

TTG jamoasi O‘zPFL a’zoligiga qo‘shilish bo‘yicha talab etilgan barcha normativ hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etishga erishdi. Ayni vaqtda jamoa o‘z rasmiylari hamda sportchilarini O‘zPFL ro‘yxatidan o‘tkazishni boshlagan. TTG ilk urinishdayoq Oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishni maqsad qilgan. Jamoa bunga qadar asosan havaskorlar ligasida ishtirok etib kelgan. 

O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi o‘yinlari orqali futzal muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan Javlon Anorov TTG jamoasini bosh murabbiy sifatida mavsumga tayyorlamoqda. Ayni vaqtda Otamurod Jumanov, Sirojiddin Mahmudov, Sunnat Kuralov kabi futzalchilar jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda. 

2021/22-yilgi mavsumda BMB, “Oil star” kabi jamoalar Birinchi liganing yaxshi saviyada o‘tishiga xizmat qila olishdi. Mazkur jamoalar shu mavsumning o‘zida Oliy liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lib, hozirda chempionatga alohida intriga ulashayotganini qayd etish kerak. Ishonamizki, TTG jamoasi ham yaxshi loyihalardan biriga aylana oladi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb