Ayollar futboli: Transfer oynasidan kim qanday foydalandi?

Tanaffusdan so‘ng Coca-Cola Superliga jamoalari ikkinchi davra o‘yinlarini boshlab yuborishdi, bugun tanaffusdan keyingi Birinchi liganing ilk o‘yini, ertadan Pro liga va ayollar jamoalari ham maydonga tushishadi. Xo‘sh, ayollar jamoalari yozgi tanaffusdan – transfer oynasidan qanday foydalanishdi?

Tarkibini jiddiy kuchaytirgan jamoa sifatida “Sevinch” va “So‘g‘diyona-W” klublarini misol qilish mumkin. “Sevinch”ning hindistonlik Dangmei Greys,  ganalik Mumuni Fuseina hamda kamerunlik Njolle Alvine Ngonjani qo‘shib olgani, Turkiya ayollar chempionatida to‘p surgan, tajribali Soliha Husniddinovani taklif etgani haqida yozgandik. E’tiborini chet ellik futbolchilarga qaratishda “So‘g‘diyona” ham “Sevinch”dan qolishmadi. Jizzaxliklar tarkibini yaponiyalik Riko Ushijima va turkiyalik Cheminaya Ana bilan boyitishdi. Shuningdek, bir mavsum Turkiyaning “Trabzonspor” klubida to‘p surgan Shahrizoda Zayniddinova ham ikkinchi davra o‘yinlarini “So‘g‘diyona-W” tarkibida davom ettiradigan bo‘ldi.  Qolaversa, “Paxtakor-W”dan Gulchehra Eshmamatova, “Qizilqum”dan Zebiniso G‘anieva ham endi jizzaxliklar sharafini himoya qilishadi. Bugun Jizzaxda yangi kelgan futbolchilarni tanishtiruv marosimi tashkil etildi.

Mazkur jamoalarni tark etgan futbolchilar ham bor. “Sevinch”ning ikki vakili -  Sevara Ro‘zieva va O‘g‘iloy Saydullaeva “Qizilqum-W”ga ijaraga berildi. “So‘g‘diyona-W”da esa sezilarli yo‘qotishlar kuzatildi. Jamoaning  etakchilari Fuseina Mumuni o‘tgan mavsum yakunidayoq jamoadan ketgandi, Tanzilya Zarbieva va O‘g‘iloy Qo‘chqorova esa ayni tanaffus davrida oilaviy sharoitlari tufayli futboldagi faoliyatlarini tugatishdi. Yana ikki legioner – gruziyalik  Natia Danelia va Ani Dzadzua ham o‘z yurtlariga qaytib ketdi.


AGMK-W tarkibida atigi bitta o‘zgarish bo‘ldi – o‘zining sobiq a’zosi, bir mavsum Turkiyaning “Trabzonspor” klubida o‘ynagan Kamila Zaripovani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Hech kim jamoani tark etmadi.


O‘tgan mavsumni Turkiya ayollar chempionatida o‘tkazgan to‘rt nafar futbolchilarimizning to‘rtinchisi Setora Takaboeva “Metallurg-W” vakili edi va aynan shu jamoaga qaytishni rejalashtirgandi. Biroq Turkiya chempionatining so‘nggi turlarida oyog‘idan jiddiy jarohat oldi, hatto jarrohlik amaliyotini ham boshidan kechirdi. Ayni paytda davolanayotgan Setora kelajagini aynan “Metallurg” bilan bog‘lashga umid qilyapti. Bekobodliklar tanaffus davrida hech kimni ro‘yxatdan o‘tkazmadi, aksincha, ikki nafari jamoani tark etdi – Muxlisa Mardieva “Lokomotiv-W” jamoasi safiga borib qo‘shildi, Charos G‘anieva esa oila qurgani munosabati bilan vaqtincha futbolni to‘xtatdi.


“Bunyodkor-W” ham bir nafar futbolchini tarkibiga qo‘shdi – “Lokomotiv”dan Maftuna Jo‘raevani. Tanaffus davrida “qaldirg‘ochlar” tarkibini tark etuvchilar bo‘lmadi.


“Paxtakor-W” bir futbolchi bilan xayrlashdi, ikki nafarini qabul qildi. Birinchi davrani “sherlar” bilan o‘tkazgan Gulchehra Eshmamatova ikkinchi davrada “So‘g‘diyona-W” tarkibiga borib qo‘shildi. “Lokomotiv-W” a’zosi Shohida Fayzullaeva hamda o‘tgan mavsumda “Bunyodkor-W”da o‘ynagan, birinchi davrani maydon tashqarisida o‘tkazgan Zuhra Berdieva ham “Paxtakor-W” vakiliga aylandi.


“Lokomotiv”da ham kelganlardan ko‘ra ketganlar ko‘proq. Bekoboddan Muxlisa Mardievani, “Qizilqum”dan Maftuna Jo‘raevani taklif etdi. “Temiryo‘lchilar” safiga qo‘shilgan Maftuna Jo‘raeva andijonlik hisoblanadi, jamoani tark etib “Bunyodkor”dan ro‘yxatdan o‘tgan huddi shu ism-sharifdagi futbolchi esa jizzaxlik. Jamoani shuningdek, Fazilat Bahromova (“Neftchi-W”) va Shohida Fayzullaeva (Paxtakor-W”) tark etdi.


“Qizilqum-W”da ham o‘zgarishlar katta. Jamoa Gulnora Davronova (“Neftchi-W”) ni erkin agent, Sevara Ro‘zieva va O‘g‘iloy Saydullaeva (“Sevinch”) ni ijara asosida tarkibiga qabul qildi. Feruza Jo‘raboeva (“Neftchi-W”) va Zebiniso G‘anieva (“So‘g‘diyona-W”) o‘z omadlarini boshqa jamoalarda izlashni lozim topishdi.


“Neftchi-W” “Lokomotiv”dan Fazilat Bahromovani, “Qizilqum-W”dan Feruza Jo‘raboevani qo‘shib oldi. Bundan tashqari o‘tgan mavsum jamoa tarkibida to‘p tepgan Gulira’no Hasanovani ham ro‘yxatdan o‘tkazdi. Uch nafar futbolchi jamoa bilan xayrlashdi  – Baxtishod To‘xtaeva, Marjona To‘raeva (ikkalasi ham “Navbahor-W”), Gulnora Davronova (“Qizilqum-W”).


“Navbahor”da kelganlar ham, ketganlar ham teng bo‘ldi. Sobiq futbolchi, so‘nggi yillarda Baxmal va Zomin ayollar futbolini rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan Nodira Turonova yana futbolga qaytdi, shuningdek, “Neftchi-W”dan Baxtishod To‘xtaeva va Marjona To‘raeva, “Qizilqum-W”dan Vazira Hayitova endilikda “Navbahor” sharafini himoya qilishadi. Gulnavoz Tursunova, Maftuna Norboeva, Diyora Valixonova va Risolat Hamidullaeva esa jamoa bilan xayrlashdi.

 

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb