Sports.uz nashri U21 chempionati uchrashuvlarini YouTube orqali translyatsiya qiladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Sports.uz nashri 2021-yilgi mavsumda U14 hamda U16 chempionati uchrashuvlarini onlayn translyatsiya qilishda hamkorlik qilgandi. Mazkur holat musobaqaga bo‘lgan qiziqishni keskin oshirdi hamda muxlis va mutaxassislarni o‘ziga qaratdi. Endilikda tomonlar hamkorlikni kengaytiradi. 

2022-yildan boshlab O‘zbekiston U21 chempionati uchrashuvlari Coca-Cola Superliga bellashuvlaridan bir kun keyin o‘tkazib kelinayotganidan xabaringiz bor. Mazkur musobaqa har yili muntazam ravishda asosiy tarkibga futbolchilar yetkazib beradi. Qator iqtidorlar seleksiya ishlaridagi kamchiliklar sabab uzoq vaqt e’tibordan chetda qolishi sir emas. Shundan kelib chiqib, O‘zPFL ikki yildan buyon mazkur chempionatning markaziy uchrashuvlarini translyatsiya qilish masalasini o‘z rejasiga kiritib kelayotgandi. 

Ayni vaqtga kelib Sports.uz translyatsiya qilish imkonini beruvchi texnikaga ega bo‘lib turibdi. Qolaversa, uchrashuvlarni jonli sharhlab boradigan kadrlar masalasida ham muammolar yo‘q. Biz bundan unumli foydalangan holda jamoatchilik e’tiborini U21 chempionatiga ham qaratishni maqsad qildik. Bugun bu bo‘yicha mavsum yakuniga qadar bo‘lgan shartnoma imzolandi. Unga ko‘ra Sports.uz nashri har turdan minimum 2 tadan uchrashuvni jonli efirga olib chiqadi. Aynan qaysi bellashuvlarni namoyish qilish masalasini sayt o‘zi hal qiladi. Mavsum so‘ngida esa hamkorlik qay tariqa davom etishi masalasi alohida kelishib olinadi. 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi millionlar o‘yinining yurtimizda rivojlanishi yo‘lida katta mehnat qilayotgan Sports.uz nashri bilan bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgan hamkorlikni qadrlaydi. Ishonamizki, yaqin kelajakda biz boshqa musobaqalarni ham to‘liq translyatsiya qilishga erishamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb