“Sho‘rtan”da uyg‘onish davri. Klub yana o‘z akademiyasiga e’tibor berishni boshladi

Yaqin ikki yil “Sho‘rtan” uchun oson bo‘lmadi. O‘zbekiston Professional futbol ligasi klubdagi muammolar, qarzdorliklar masalasida jiddiy ish olib borishiga to‘g‘ri keldi. 

Uzoq yillar davomida “Nasaf” futbol klubi tizimida ishlagan, klub akademiyasini ko‘tarish, stadionni zamonaviy ko‘rinishga keltirish kabi masalalarda jonbozlik ko‘rsatgan mutaxassis Shamil Yarulin “Sho‘rtan”da ish boshlagach, muammolar hal etila boshlandi. 

Bugunga kelib “Sho‘rtan” barcha qarzlaridan qutilgani e’tiborga molik. Shuningdek, o‘tgan mavsum ta’mirdan chiqqan akademiya binosi foydalanishga topshirildi. Albatta pandemiya davrida “Sho‘rtan” klubiga qarashli baza va akademiyalarga oson bo‘lmadi. Viloyat hokimiyati uning ayrim ob’ektlaridan shifoxona sifatida foydalandi. 

O‘tgan haftada “Sho‘rtan” va nihoyat akademiyani isloh qilishga keng urg‘u bera boshladi. Klub birinchi navbatda yosh futbolchilarni kiyim-bosh bilan ta’minladi. Endilikda akademiyaning barcha yosh futbolchilari kishi havasini keliradi — ularning egnida bir xilda sport formasi bor. 

Klub akademiya faoliyati bilan tanishtirish, tarbiyalanuvchilarga yaratilgan sharoitlar, ovqatlanish va mashg‘ulot jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berish niyatida yosh futbolchilarning ota-onalarini ham taklif qildi. 

Ayni vaqtda “Hududgazta’minot” AJ uzoq yillar muammolar girdobida qolib ketgan “Sho‘rtan”ga katta amaliy yordam berib kelayotgani e’tiborga molik. O‘z navbatida O‘zbekiston Professional futbol ligasi bu borada tashkilotga minnatdorchilik bildiradi. 

Ishonamizki, “Sho‘rtan” kelajakka qo‘yayotgan bu investitsiyasi bilan oldindagi 4-5 yil davomida bosqichma-bosqich qaddini tiklab boradi. Biz Qashqadaryoning mazkur jamoasiga ham “Nasaf” yo‘lini bersin, deb qolamiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb