Liga kubogi musobaqasini qayta tiklashga qaror qilindi

Shu yilning 31 mart kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasining yangi saylangan Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor. Unda so‘nggi bor 2019 yilgi mavsumda o‘tkazilgan Liga kubogi musobaqasini 2022 yilgi mavsumdan boshlab davom ettirish masalasi ham ko‘rildi.

Sir emaski, 2022 yilgi mavsum uchun Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan murakkab taqvim tuzib chiqildi. Avvalgi yillardagi pandemiya sabab qator musobaqalarni kechiktirishga majbur bo‘lgan Konfederatsiya, endilikda maksimal darajada ularni o‘tkazishga harakat qilyapti.

Shuningdek, O‘zbekiston futbol assoatsiatsiyasi U-23 Osiyo chempionatini qabul qilishga qaror qilgan. Qo‘shimchasiga, Osiyo kubogining saralash uchrashuvlari ham O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Superliga ishtirokchisi bo‘lgan “Olimpik” futbol klubining qator futbolchilari qit’a chempionatiga jalb etiladi.

Buning oqibatida Superliga hamda Pro liga klublarida ayni futbol o‘ynaydigan oylarda katta tanaffuslar yuzaga keladi. Bizda iyun oyining dastlabki 15 kunligida ichki musobaqalarni tashkil etish imkoniyati mavjud emas. Iyul oyidagi issiq ob-havo ham yana bir muammoni vujudga keltiradi.

Qo‘shimchasiga, “Olimpik” futbolchilari asosini tashkil etuvchi O‘zbekiston termasi sentyabr oyida Xitoyda bo‘lib o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida qatnashishi rejalashtirilgan. Bunga FIFA kunlari ham ulanib ketadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi Liga kubogi musobaqasini tiklash zarurati mavjud degan qarorga keldi. Biz mazkur musobaqaga qo‘shni respublikalar jamoalarini jalb etishga ham urinib ko‘ramiz. Yakunda ishtirokchilarning aniq sonidan kelib chiqib, musobaqa formatini shakllantiramiz.

Mazkur musobaqa va unga aloqador boshqa yangiliklardan futbol jamoatchiligini bosqichma-bosqich xabardor qilib boramiz.

mib
uzcard
cola
apex
bmb