“Buxoro” stadioni projektorlari OFK minimal talablariga javob beradi

8-aprel kuni tunda O‘zPFL ishchi guruhi “Buxoro” stadioni projektorlarini tekshiruvdan o‘tkazgandi. 

Xulosalar shuni ko‘rsatdiki, “Buxoro” stadioni projektorlari o‘rtacha 1832 lyuks yorug‘lik taqdim eta oladi. Bu esa OFK Chempionlar ligasi musobaqasi uchun talab qiladigan minimal ko‘rsatkichga javob beradi. 

Ikki yildan ortiqroq vaqt davomida mazkur stadionda futbol uchrashuvlari o‘tkazilmadi. Shundan kelib chiqib, shamol va boshqa tabiat hodisalari projektorlar lampalarini o‘z joyidan biroz siljitgan. Buning oqibatida yorug‘lik maydon bo‘ylab teng taqsimlanmagan.

O‘zPFL bosh direktori hamda Buxoro viloyati hokimi o‘rtasidagi uchrashuv davomida mazkur masala ham muhokama etildi. Shundan kelib chiqib, hokim tomonidan tegishli tashkilotlarga 26-aprel sanasiga qadar yorug‘lik yetib boruvchi nuqtalarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda projektori eng yaxshi stadion “Bunyodkor” bo‘lib, u o‘rtacha 2400 lyuksni tashkil etadi. Keyingi o‘rinlarda “Qizilqum” (2200), “So‘g‘diyona” (1900), “Turon” (1900) jamoalari o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadionlar turadi. “Buxoro” stadioni talab etilgan sozlamalardan keyin bu borada mamlakatning beshinchi raqamli stadioniga aylanadi.

 

mib
uzcard
cola
apex
bmb