O‘zbekiston Coca-cola kubogi. Final mezbonligi uchun 6 ta shahar da’vogarlik qiladi

O‘zbekiston Professional futbol ligasi so‘nggi ikki mavsumdan buyon O‘zbekiston Coca-cola kubogining final uchrashuviga mezbonlik qiluvchi stadion nomiga shaffof qur’a yordamida aniqlik kiritib kelmoqda. Shunga ko‘ra 2020-yilgi kubok finaliga Namangan mezbonlik qilgan bo‘lsa, 2021-yilda bu vazifa Samarqand shahri chekiga tushgandi. 

Final ketma-ket ikki bor bitta shaharda o‘tmasligini ta’minlash maqsadida bu yilgi qur’ada Samarqand shahri ishtirok etmaydi. 2022-yilgi O‘zbekiston Coca-cola kubogining final uchrashuviga 6 ta shaharning 8 ta stadioni da’vogarlik qiladi. 

Final mezbonini aniqlashda dastlab Toshkentning uch stadioni — “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” savatchalarga tashlab olinadi. Mazkur uch stadiondan biri qur’aning ikkinchi bosqichida Toshkent shahri nomidan ishtirok etadi. Barcha shaharlarda imkoniyat teng bo‘lishi va bunda poytaxtning imkoniyati qolganlarnikidan yuqori bo‘lmasligi uchun shunday qarorga kelingan. 

Qur’aning ikkinchi bosqichida 6 ta shahar savatchaga tashlanadi: vodiyning Namangan, Farg‘ona, Yaypan shaharlari, poytaxt Toshkent, shuningdek vohaning Qarshi hamda Buxoro shaharlari. Ayni vaqtda Namangan, Toshkent, Yaypan va Qarshidagi stadionlar final talablariga javob beradi. Farg‘onadagi “Istiqlol” hamda Buxorodagi “Buxoro” stadionlarida esa ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda. Ishonamizki, final uchrashuviga qadar mazkur stadionlar holati yaxshilanib ulguradi. 

O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga va Pro liga klublarining uy stadionlariga qo‘yilayotgan talablarni bosqichma-bosqich qat’iylashtirib boradi. Rejamizga ko‘ra, oldindagi uch mavsum davomida barcha maydonlar sifati talab darajasiga keltirilishi kerak.

mib
uzcard
cola
apex
bmb