InStat Coca Cola Superliga uchrashuvlari tahlilini amalga oshiradi va klublarga o‘yinning batafsil statistikasini taqdim etadi

Bilasiz, InStat futbol uchrashuvlari hamda alohida futbolchilarning o‘yinlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan statistik ma’lumotlarni taqdim etadigan jahondagi yetakchi sport analitikasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan biri sanaladi. 

InStat kompaniyasi o‘yinlarning batafsil tahlili, futbolchilarning maydondagi harakatlari, ularning jismoniy faolligi, foydalilik ko‘rsatkichlari, maydonda bosib o‘tgan masofasi-yu raqib bilan yakkakurashlardagi ustunligi borasida analitik materiallar tayyorlaydi va shu bilan birgalikda video analiz amalga oshirib keladi. 

Mazkur kompaniya jahonning ko‘plab grand klublari bilan birgalikda bir qator yetakchi ligalar bilan ham hamkorlik qiladi. Endilikda O‘zbekiston Professional futbol ligasi ham InStat  bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 

Mazkur hamkorlik doirasida Coca Cola Superliga klublari o‘z o‘yinlari hamda futbolchilarining chuqurlashtirilgan statistik ma’lumotlarni bepul tarzda olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, barcha harajatlar O‘zPFL tomonidan qoplanadi. 

Har bir klubga o‘z o‘yinining 60 varoqdan iborat batafsil statistikasi taqdim etiladi. Shuningdek, har bir uchrashuv oldidan klublar bosh murabbiylari raqib jamoaning so‘nggi 3 ta o‘yini chuqur tahlili bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Qolaversa, har bir jamoa va uning futbolchisi o‘yini bo‘yicha alohida videokesmalar tur yakuniga ko‘ra o‘sha klubga taqdim qilib boriladi. 

InStat bilan O‘zPFL hamkorligi doirasida klublarimiz, shuningdek o‘z safiga xorijlik futbolchilarni qo‘shib olishda ham qator afzalliklarga ega bo‘ladi. Ya’ni klublar InStat Scout video-platformasiga kirib, 5 ta xorijiy mamlakat chempionatini kuzatish, ularda o‘ynayotgan futbolchilarning harakatlari tahlili va videokesmalari bilan tanishishlari mumkin bo‘ladi. 

Qayd etish joiz, futbol uchrashuvlarining chuqur va keng tahlili yuritilishi murabbiylar uchun jamoaning kuchli va biroz oqsayotgan jihatlarini yaqqol bilib olish, har bir raqibga nisbatan alohida taktika tuzish, o‘yinchilarning ustun va kamchilik jihatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ishlashda ancha naf beradi.

mib
uzcard
cola
apex
bmb