Umid Ahmadjonov: Biz mehr ulashishimiz lozim bo`lgan bolalar, butun xalqqa quvonch ulashdi

MOQ prezidenti hamda O`FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o`rtasida bo`lib o`tgan Jahon Chempionatini g`olib sifatida yakunlagan o`zbekistonlik yosh futbolchilarni tabrikladi.

“O`zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydonlardagi mardonavor ishtiroki har birimizga olam-olam quvonch olib keladi. Garchi ulardan uzoqda bo`lsak-da, mamlakat bayrog`i ostida saf tortib turgan sportchilarimizni qalban qo`llab-quvvatlaymiz.

Bugun ham xuddi shunday bo`ldi va bugungi kun ko`pchiligimiz uchun unutilmas onlarni tortiq qildi. Yaqindagina zaif eshituvchi yoshlarimiz jahon chempionligini qo`lga kiritgan bo`lsa, endilikda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan jamoa o`z qarshisidan chiqqan barcha jamoalarni taslim qilib, jahon chempionligini tantana qildi.

Ko`zi yonib turgan yosh futbolchilarimiz ko`rsatgan bu jasorat tahsinga loyiqdir. Ular ancha yosh bo`lishlariga qaramay, barchamizga mundiallarda qanday o`ynash kerakligini ko`rsata olishdi. Ularga qarab turib ishonish mumkinki, O`zbekiston kelajagi ishonchli qo`llarda.

Aslida barchamiz mana shu futbolchilarga mehr ulashishimiz kerak. Ular esa bor kuch va g`ayratlarini safarbar etib, butun mamlakat nomidan Jahon Chempionatida munosib ishtirok etishdi hamda millionlab o`zbekistonliklar g`ururlanishi mumkin bo`lgan ulkan yutuqni qo`lga kiritishdi. Endi ular qahramondirlar. Endi biz ularni hammaga o`rnak qilib ko`rsatamiz. Endi yosh futbolchilarimizni butun dunyoda hurmat bilan tilga olishadi.

Biz mana shu yigitlarga murabbiylik qilgan, ularga g`amxo`rlik qilayotgan, tarbiya qilib, mehr ko`rsatayotgan barcha insonlar oldida ta`zimdamiz. Ishonamizki, farzandlarimizning porloq kelajagi hali oldinda. Vaqti kelib ular baxtli va saodatli hayot kechirib, o`zlariga juda-juda kerak bo`lgan ota-onalik mehrini o`z farzandlariga tortiq qila olishadi. Qahramonligingiz, matonatingiz va irodangiz oldida bosh egamiz. Sizga Prezidentimiz, jamoamiz hamda muxlislar nomidan o`z minnatdorchiligimizni bildiramiz, rahmat, yigitlar!”

mib
uzcard
cola
apex
bmb