19-aprel kuni U-18 chempionatiga qur’a tashlanadi

Shu yilning 19-aprel kuni O‘zPFL U-18 chempionati uchun qur’a tashlash tadbirini tashkil etadi. Unda Superliga va Pro liga klublari qoshidagi U-18 jamoalari o‘zlarining mavsumiy raqiblarini bilib oladi. 

U-18 chempionati OFK talabi bilan tashkil etiladi. Shundan kelib chiqib, Superliga va Pro liga ishtirokchi klublari mazkur yosh toifasidagi jamoani tashkil etishi shart ekani “2021-yilgi mavsumda O‘zbekiston Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalar reglamenti”da belgilab qo‘yilgan. U-16 va U-14 chempionati jamoalari esa Superliganing barcha hamda Superliga va Pro liganing davlat ulushi bor korxonalar tomonidan moliyalashtirilayotgan klublari uchun majburiy etib belgilangan. 

U-18 chempionatida Superliga hamda Pro liganing 24 ta klubi g‘oliblik uchun kurash olib boradi. Bunda har bir klub jami 23 tadan uchrashuvda maydonga tushadi. Klublarning qaysi raqibga qarshi uyda va qaysi biriga qarshi safarda o‘ynashi masalasi qur’a yordamida aniqlab olinadi. Ya’ni, har bir raqib chempionat yakuniga qadar faqatgina bir martadan to‘qnash keladi. 

2020-yilgi mavsumda U-18 chempionati faqatgina Superliga klublari o‘rtasida tashkil etilgan bo‘lib, pandemiya sabab o‘yinlar soni 26 tadan 13 tagacha qisqartirilgan va markazlashgan formatda o‘tkazilgandi. Aynan 2020 yilda Superliga va Pro liga tarbiyalanuvchilari o‘rtasida umumiy chempionat tashkil etish masalasi ko‘tarilgan. Bu jihat Superliga hamda Pro liga o‘rtasidagi tafovutning yildan-yilga kamayib borishi, professional klublar qoshidagi akademiya bitiruvchilari o‘rtasidagi chempionat nufuzining yildan-yilga oshib borishi uchun xizmat qiladi.

Quyida U-18 chempionatining 11-turga qadar bo‘lgan taqvim sanalari ko‘rsatib o‘tilgan.

1-tur 27 aprel

2-tur 1 may

3-tur 7 may

4-tur 15 may

5-tur 23 may

6-tur 27 may

7-tur 2 iyun

8-tur 8 iyun

9-tur 14 iyun

10-tur 21 iyun

11-tur 30 iyun

mib
uzcard
cola
apex
bmb