Futbol-TV Pro liga translyatsiyalarini test rejimida boshlaydi

O‘zPFL hamda UzReport Pro liga uchrashuvlarini translyatsiya qilish masalasida o‘zaro kelishuvga erishganidan xabaringiz bor. 30-avgust sanasidan boshlab shu kelishuv asosida futbol uchrashuvlari test rejimida efirga olib chiqila boshlanadi.

Pandemiya sabab Pro liga uchrashuvlari 3-turdan keyin tanaffusga chiqishga majbur bo‘lgandi. Bugun — 30-avgust kuni Samarqandda 3-turning qoldirilgan bitta uchrashuvi tashkil etiladi. Uning doirasida mezbon “Dinamo” futbolchilari “Xorazm” klubini qabul qiladi.  

17:00 ga tayin qilingan uchrashuvni yoritish uchun Futbol-TV xodimlaridan iborat guruh yo‘lga chiqqan. Asosan evrofutbol uchrashuvlarini xalqimizga namoyish etib kelayotgan telekanal, sekin-astalik bilan ichki chempionatga ham e’tibor qaratmoqda. Bu yo‘lda telekanal yaqindagina yangi ko‘chma televizion stantsiya xarid qilgandi. Futbol bo‘yicha uning ilk safari Samarqandga bo‘ladi. 

Futbol-TV stadionlardan ilk marta efirga chiqayotganidan kelib chiqib, ish test rejimida olib boriladi. Bunda mavjud kamchilik va boshqa texnik masalalar o‘rganib boriladi. Bu sinovlar muvaffaqiyatli o‘tsa, keyingi uchrashuvlarni qay tariqa efirga olib chiqish masalasida yakdil tasavvur paydo bo‘ladi. 

Umid qilamizki, futbol muxlislarimiz boshlanajak ishni kuzatib borishadi va undagi ayrim masalalarga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishadi. Hozirgi sharoitda Pro liga uchrashuvlarining ham sekin-astalik bilan muntazam jonli efirlarga ega bo‘lishi bizningcha katta yutuqdir.

mib
uzcard
cola
apex
bmb