Xorazm 15 yillik tanaffusdan so‘ng Superligaga qaytdi
21.01.2025Superliga
Klub bosh homiysi 2025-yilgi xarajatlar smetasini tasdiqladi va smeta O‘FA ro‘yxatidan o‘tkazildi. Shuningdek, Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov klubni Superligada qo‘llab-quvvatlash yuzasidan rasmiy kafolat berdi.
Xorazm so‘nggi bor 2010-yilgi mavsumni elitada o‘tkazgan bo‘lib, shundan buyon nufuzi jihatdan ikkinchi raqamli ligada ishtirok etib kelayotgandi. Klub o‘tgan mavsumni Proligada 6-o‘rinda yakunlagan bo‘lsa-da, OFK litsenziyasiga ega chiqqan. Mazkur harakat unga Superliga eshiklarini ochdi.
Avvalroq Metallurg va Olimpik Superliganing 16-jamoasi bo‘lish imkoniyatidan voz kechgandi. Xorazm esa Liga tomonidan belgilangan dedlayn davomida talabni bajarishga erishdi.
Avvalroq ma’lum qilinganidek, Xorazmdagi stadion Superliga talablariga javob bermasligidan kelib chiqib, klub elitadagi raqiblarini neytral maydonda qabul qiladi. Ayni vaqtda Xorazmdagi stadion chimi qanday turda bo‘lishi masalasi O‘FA bilan muhokama qilinmoqda. Bu masalada qanday kelishuvga erishilgani va Xorazm unga qadar qaysi stadiondan foydalanishi masalasida keyinroq xabar beriladi.