Superliganing 16-jamoasi bo‘lish uchun endi Xorazm klubi harakat qilib ko‘radi

07.01.2025Superliga

Superliganing 16-jamoasi bo‘lish uchun endi Xorazm klubi harakat qilib ko‘radi

Superligada ishtirok etmasligi aniq bo‘lgan Metallurg klubining o‘rnini “Superliga va Proliga reglamenti” da ko‘rsatilgan ketma-ketlik bo‘yicha Olimpik klubi egallashi mumkin edi. Mazkur masalani Olimpik 5-yanvar sanasiga qadar hal qilishi lozim edi. 


Yakuniga yetgan mavsumni elitada 12-o‘rinda yakunlab, keyinchalik pley-off bosqichida avvaliga Sho‘rtan, undan so‘ng Metallurg bilan o‘yinda mag‘lub bo‘lgan Olimpik 5-yanvar sanasiga qadar Superligadagi faoliyatini davom ettirish yuzasidan yuborilgan so‘rovga javob qaytarmadi. Shundan kelib chiqib, reglament bo‘yicha ketma-ketlikda chempionatning so‘nggi ishtirokchisi bo‘lish uchun Xorazm harakat qiladi. 


So‘nggi uch mavsumda klubda yuzaga kelgan muammolarni bartaraf qilib kelgan Xorazm, 2024-yilning yanvar-aprel holatiga ko‘ra litsenziyalash talablarini muvaffaqiyatli bajara oldi va o‘z tarixida ilk bor OFK litsenziyasini qo‘lga kiritdi. Shundan kelib chiqqan holda Proligada 5-o‘rinni egallagan klub emas, balki musobaqani 6-o‘rinda yakunlagan Xorazm klubiga kerakli hujjatlarni topshirish uchun vaqt taqdim etiladi. Proliganing dastlabki to‘rt pog‘onasidan joy olgan klublarning barchasi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritib ulgurgan. 


Xorazm klubi o‘z uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan stadion maydoni, uning drenaj va sug‘orish tizimi, shuningdek, stadion yoritish tizimi Superliga talablariga javob bermaydi. Shundan kelib chiqib, Xorazm Superligada to‘p surish uchun kerakli hujjatlarni joriy yilning 21-yanvar sanasiga qadar Assotsiatsiya hamda Liga ro‘yxatidan o‘tkaza olsa, u holda klub o‘z uy uchrashuvlarini Superliga talabiga javob beruvchi boshqa viloyatdagi stadionda o‘tkazib turadi. Avvalroq Surxon klubi bilan ham xuddi shunday holat kuzatilgandi. 


Assotsiatsiya va Liga rahbariyatining kecha — 6-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Xorazm futbol klubiga qarashli futbol maydoni masalasi ham muhokama qilindi. Hudud bilan bog‘liq ekologik holat va boshqa faktorlardan kelib chiqib, Nukus hamda Urganch shaharlaridagi bosh stadionlarga FIFA talabiga javob beruvchi eng sifatli sun’iy qoplama o‘tkazish masalasida fikr almashilindi. Tabiiy yoki gibrid maydonning mazkur hududlar uchun kafolati, shuningdek, uning parvarishi bilan bog‘liq muammolar va albatta uning xarajati nuqtai nazaridan olib qaralsa, FIFA me’yorlariga to‘g‘ri keluvchi sifatli sun’iy maydon nisbatan maqbulroq variant hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, Xorazmdagi stadion yuqorida sanab o‘tilgan masalalarda o‘zgarishlarni amalga oshirsa, u Superliga bellashuvlarini qabul qilishi mumkin bo‘ladi. Unga qadar esa yuqorida qayd etilganidek, o‘z uy uchrashuvlarini boshqa arenada o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi.  


Endilikda Xorazm Superligada ishtirok etish uchun 21-yanvar sanasidan kechikmagan holda Assotsiatsiya bilan kelishilgan va keyinchalik o‘z homiy tashkiloti tomonidan tasdiqlangan yillik xarajatlar smetasini Liga ro‘yxatidan o‘tkazishi lozim. Klub mazkur muddatga qadar buning uddasidan chiqa olmasa, 22-yanvar kuni Lokomotiv futbol klubining Superligada ishtirok etish masalasi kun tartibiga kiritiladi. Boisi, mazkur holatda Lokomotiv OFK litsenziyasiga ega so‘nggi klub hisoblanadi. 


Ma’lumot uchun, Xorazm futbol klubi o‘tgan yilning 28-noyabr kuni Assotsiatsiya 2025-yilgi xarajatlar smetasi loyihasini muhokama uchun taqdim etishi lozim edi. Endilikda klub mazkur loyihani Superliga uchun moslashtirishi va albatta homiy tashkilot tomonidan uni tasdiqlab ulgurishi talab etiladi.

    facebooktwittertelegramok
  • Yangilikni ulashing

Boshqa yangiliklar

Sayt test rejimida ishlamoqda