
Avvalroq Liga Metallurg PFK MCHJ ustav kapitalining 100 foiz ulushiga egalik qiluvchi O‘zmetkombinat AJga murojaat qilib, 24-dekabr sanasiga qadar klubning Superligadagi kelgusi taqdiriga oydinlik kiritishni so‘ragandi.
Kecha — 20-dekabr kuni O‘zmetkombinat AJ Liga so‘roviga javob qaytardi hamda Metallurg klubining Superligada ishtirok etmasligini ma’lum qildi. Javob xatida tashkilotning klubga homiylik mablag‘i ajratishi to‘xtatilgani va buning sabablari batafsil tushuntirilgan.
Metallurg klubining Superligadagi o‘rnini egallash jarayoni qanday ketma-ketlikda bo‘lishi avvalroq ma’lum qilingandi. Mana shu yo‘nalish asosida klublarga qaror qabul qilish uchun ma’lum vaqt beriladi va ularning qarori ham Liga tomonidan rasman ma’lum qilinadi.
Mazkur mavzuning davomi Liga hamda Assotsiatsiya o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng rasmiy saytimizda e’lon qilinadi.