Metallurg Superligadagi kelgusi taqdiriga 24-dekabrga qadar oydinlik kiritishi lozim
18.12.2024ProligaPFLSuperliga
Metallurg futbol klubining Superligada ishtirok etishi yoki etmasligi masalasi OAV kun tartibida turibdi. Shuningdek, klub bu huquqdan voz kechsa, uning o‘rnini kim egallashi mumkinligi ham muhokama mavzusiga aylangan.
Aytish lozimki, jamoaning Superligada ishtirok etishi yoki etmasligi masalasida klub yoki uning ta’sischisi Ligaga xabar bermagan. Liga Metallurg 7 nafar asosiy futbolchi bilan mavjud mehnat shartnomasini bekor qilgani, bir necha futbolchi klub bilan shartnomasi yakuniga yetgani uchun erkin agentga aylangani, shuningdek, 10-dekabr kuni “Metallurg” MCHJ PFK yagona ishtirokchisining 1-sonli navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi o‘tkazilib, klub direktori Shavkat Saidov lavozimidan ozod etilgani haqida biladi.
Mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Liga O‘zmetkombinat AJga rasmiy murojaat bilan chiqib, Metallurg futbol klubining Superligadagi ishtiroki masalasiga joriy yilning 24-dekabr sanasiga qadar oydinlik kiritishni so‘radi. Kelgusi qarorlar shu asosida qabul qilinadi.
Metallurg musobaqada ishtirok etmasa, uning o‘rni qanday to‘ldirilishi yuzasidan OAV qator savollar bilan murojaat qilayotganidan kelib chiqib, Liga mazkur masalaga tushuntirish berib o‘tadi. Bunda “Superliga va Proliga reglamenti”ning 10.2 hamda 10.3-bandlariga e’tibor qaratish so‘raladi.
10.2-bandida klub litsenziyalash talablarini bajara olmasa, O‘FA tegishli qo‘mitasi uni musobaqadan chetlashtirishi mumkinligi va shunday bo‘lsa, uning o‘rni quyi liganing tartib bo‘yicha litsenziyalash talabini bajara olgan keyingi klub bilan to‘ldirilishi ko‘rsatilgan. Superligada to‘p tepishi lozim bo‘lgan 16 ta klubning barchasi litsenziyalash talabini bajargan. Xususan, Metallurg futbol klubi ham OFK litsenziyasini qo‘lga kiritgan. Shundan kelib chiqilsa, uning musobaqadan chiqib ketishi mazkur band bilan tartibga solinmaydi.
10.3-bandda esa yuqori toifadagi ligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan klubning shu huquqdan voz kechishi masalasida so‘z boradi. Huquq Proliga musobaqasi va o‘tish o‘yinlari orqali qo‘lga kiritiladi. Metallurg ikkinchi holat bilan Superligaga qayta qo‘shilgani sizga ma’lum. Demak, agar Metallurg klubi Superligada ishtirok etish huquqidan voz kechsa, reglament bo‘yicha uning o‘rni mavsum yakuniga ko‘ra keyingi o‘rinni egallagan va litsenziyalash talabiga javob beradigan boshqa futbol klubi bilan to‘ldirilishi lozim. Mana shu nuqtada Liga Superliga uchun o‘tish o‘yiniga e’tibor qaratadi. Sir emaski, Superligaga yo‘llanma beruvchi so‘nggi o‘yinda Metallurg va Olimpik jamoalari o‘zaro kurash olib bordi. Shundan kelib chiqilsa, Metallurg’ning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan keyingi klub Olimpik hisoblanadi.
Agar Olimpik futbol klubida moliyalashtirish va boshqa masalada muammo o‘rtaga chiqsa, Liga u holda reglamentning 10.2-bandiga murojaat qiladi. Proliga mavsumi yakuniga ko‘ra dastlabki to‘rt o‘rinni qo‘lga kiritgan klublar Superliga yo‘llanmasiga ega chiqdi. 5-o‘rindan joy olgan Aral esa OFK litsenziyasini qo‘lga kirita olmagan. Biroq 6-o‘rinni band qilgan Xorazm futbol klubida litsenziya mavjud. Ya’ni, Superliga uchun Olimpik futbol klubidan keyingi nomzod Xorazm hisoblanadi.
Shu nuqtada OAV tomonidan tilga olinayotgan Lokomotiv futbol klubi masalasiga ham to‘xtalish mumkin. Temiryo‘lchilar Superligada so‘nggi o‘rinni egallab, Proligaga yo‘l olgan. Lokomotiv 2025-yilgi mavsumni Superligada o‘tkazishi uchun yuqoridagi ketma-ketlik amalga oshishi lozim. Ya’ni, birinchi galda Metallurg Superligada o‘ynash huquqidan voz kechishi, keyinchalik Olimpik va undan keyin Xorazm klubi bunday imkoniyatga ega bo‘lmasligigina Lokomotiv uchun yo‘l ochadi. Chunki Xorazm litsenziyaga ega chiqqan Proliganing so‘nggi jamoasi hisoblanadi. Aral, Mobiuz, Do‘stlik klublari OFK litsenziyaga ega emas. Shundan kelib chiqilsa, eng so‘nggi o‘rinda Lokomotiv variantiga murojaat qilinishi mumkin. Bu masala Liga Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘ladi.